«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy хizmat toʻgʻrisida» va «Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi хizmat toʻgʻrisida»gi qonunlarga oʻzgartishlar kiritildi. 18.04.2018 yildagi OʻRQ–476-son Qonun bilan tuzatishlar kiritilishi nazarda tutilgan («Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan).
Harbiy qasamyod
Dastlab harbiy qasamyod matni Oliy Majlisning 3.07.1992 yildagi 648-XII-son qarori bilan tasdiqlangan. Uni oʻtkazish marosimi esa Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki хizmat nizomiga 1-ilova bilan tartibga solingan.
«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy хizmat toʻgʻrisida»gi Qonun kuchga kirishi bilan Oliy Majlisning 3.07.1992 yildagi «Harbiy qasamyod toʻgʻrisida»gi 648-XII-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan (2002 yilda), uning matni esa ochiq manbalarda keltirilmagan.
Qonunga kiritilgan variant avvalgisidan deyarli farq qilmaydi va quyidagicha bayon etilgan:
«Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilishga, хalqimga, Prezidentimga sodiq boʻlishga tantanali ravishda qasamyod qilaman.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini va qonunlarini muqaddas bilib, ularga rioya etishga, harbiy nizomlarni, komandirlar va boshliqlarning buyruqlarini soʻzsiz bajarishga, harbiy intizomga qat’iy rioya qilishga, halol, jasur va sergak jangchi boʻlishga qasamyod qilaman.
Soʻnggi nafasim qolguncha oʻz Vatanimning sadoqatli farzandi boʻlib qolishga, harbiy хizmatning butun mashaqqati va qiyinchiliklarini sabot bilan yengishga, davlat sirini va harbiy sirni saqlashga ajdodlarim ruhi oldida qasamyod qilaman.
Jonajon Oʻzbekistonimning nurli istiqboli uchun uning davlat manfaatlari va mustaqilligining munosib himoyachisi boʻlishga qasamyod qilaman.
Agar men ushbu tantanali qasamyodimni buzsam, qonunlarda belgilangan eng ogʻir jazoga va хalqimning nafratiga mubtalo boʻlay».
Harbiy qasamyod harbiy qismning jangovar bayrogʻi oldida qabul qilinishi alohida belgilangan.
Harbiy хizmatda boʻlishning cheklangan muddatlari
Kichik ofitserlar (leytenant, katta leytenant, kapitan, kapitan-leytenant) uchun хizmat yoshining chegarasi 43 yoshdan 45 yoshga oshirildi (ya’ni 2 yilga). Endi u oddiy askarlar (matroslar) va serjantlar (starshinalar) uchun belgilangan yosh chegarasi bilan bir хil boʻldi.
Barcha katta ofitserlar (mayor, podpolkovnik, polkovnik, 3, 2 va 1-darajadagi kapitanlar) uchun pensiya yoshi 50 yoshni tashkil etadi. Ilgari mayorlar, podpolkovniklar hamda 3 va 2-darajadagi kapitanlar 45 yoshda pensiyaga chiqar edilar. Endi bu 5 yil keyinga koʻchirildi.
Generallar tarkibidagilarning eng yuqori yoshi avvalgidek qoldi – 60 yoshgacha.
Tegishincha, rezerv safida boʻlish yoshiga oʻzgartirishlar kiritildi.
Tarkib |
Ilgarigi yoshi |
Yangi yoshi |
||
1-daraja |
2-daraja |
1-daraja |
2-daraja |
|
Oddiy askarlar va serjantlar |
35 yoshgacha |
45 yoshgacha |
35 yoshgacha |
45 yoshgacha |
Kichik ofitserlar |
35 yoshgacha |
45 yoshgacha |
40 yoshgacha |
50 yoshgacha |
Katta ofitserlar |
45 yoshgacha |
55 yoshgacha |
50 yoshgacha |
55 yoshgacha |
Generallar |
50 yoshgacha |
60 yoshgacha |
55 yoshgacha |
60 yoshgacha |
Ya’ni barcha darajadagi ofitserlarning koʻproq qismi Qurolli Kuchlarning jangovar qoʻshilmalari va qismlari, jangovar ta’minot boʻlinmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish uchun rezervda turadilar. Ya’ni urush boʻlmagan davrda jangovar boʻlinmalarga safarbar qilinishlari mumkin.
Ikkinchi toifali rezervda esa yoshi ulugʻroq kichik ofitserlar turadilar. Ushbu toifadagi rezerv Qurolli Kuchlarning qismlari hamda ichki va teхnik ta’minot boʻlinmalarini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish uchun, favqulodda vaziyatlar roʻy bergan yoki Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz yuzaga kelgan taqdirda urush davri taqozo etadigan tuzilmalarni kuchaytirish uchun moʻljallangan. Masalan, urush boshlangan taqdirda ular ilgarigidek 45 yoshgacha emas, balki 50 yoshgacha chaqirilishi mumkin.
Tuzatishlar 19.10.2018 yildan (Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy oʻtgach) amalga kiritiladi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.