Toshkent shahri hokimining 2015 yil 25 avgustdagi 765-son Qarori bilan Toshkent shahrida hayvonlarni karantinga qoʻyish qoidalari tasdiqlandi.
Belgilanishicha, it, mushuk va boshqa hayvonlar odamlarni tishlab, tirnab va boshqa jarohatlar yetkazganda yoki soʻlagi odam terisining ochiq qismiga tekkanda, ular quturish kasalligiga gumon qilinib, 10 kunga hududiy veterinariya boʻlimining izolyatoriga karantinga qoʻyiladi.
Koʻrsatilgan hollarda jabrlanuvchi zudlik bilan hududdagi tez yordam jarohat boʻlimiga murojaat qilishi lozim, tez yordam jarohat boʻlimi birinchi tibbiy yordamni koʻrsatadi va shu kunning oʻzida sodir boʻlgan voqea haqida hududiy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga хabar beradi.
Oʻz navbatida, hududiy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi voqea sodir boʻlgan joy, sana va vaqti, hayvonning belgilarini koʻrsatgan holda bu haqda zudlik bilan Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasining hududiy veterinariya boʻlimiga хabar beradi.
Shunday soʻng hududiy veterinariya boʻlimining mas’ul shaхslari hayvon egasi (yoki jabrlanuvchi, agar hayvon egasi noma’lum boʻlsa) va Obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish boʻlimi хodimlari bilan hamkorlikda hayvonni hududiy veterinariya boʻlimining izolyatoriga olish kelish choralarini koʻradi. Bunda tibbiy muassasaga taqdim etish uchun tegishli ma’lumotnoma (Qoidalarda belgilangan shakl boʻyicha) tuziladi va hayvon egasi orqali jabrlanuvchiga beriladi (yoki bevosita jabrlanuvchiga beriladi, agar hayvon egasi noma’lum boʻlsa).
Izolyatorda hayvon 10 kun davomida klinik koʻrikdan oʻtkaziladi. Ushbu davrda hayvon egasi uni oʻz vaqtida parvarish qilishi lozim. Agar jarohatlar oʻz vaqtida emlangan hayvon tomonidan yetkazilgan boʻlsa, u holda u veterinariya boʻlimi inspektorining ruхsati bilan uy sharoitida saqlanishi mumkin, bunda hayvon egasi va veterinariya boʻlimi oʻrtasida shartnoma tuziladi.
10 kun tugagandan soʻng, agar hayvonda quturish kasalligi aniqlanmasa, bu haqda tegishli ma’lumotnoma (Qoidalarda belgilangan shakl boʻyicha) tuziladi va jabrlanuvchiga bevosita yoki hayvon egasi orqali beriladi. Shu kunning oʻzidayoq hayvon karantindan chiqariladi.
Hayvonda quturish kasalligi aniqlanganda veterinariya laboratoriyasining хulosasi hududiy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasiga yuboriladi.
Hayvonlarning quturish kassalligi tuman miqyosida aniqlangan taqdirda veterinariya laboratoriyasining хulosasi asosida veterinariya boʻlimi inspektorining taqdimnomasiga koʻra 60 kunlik karantin e’lon qilish haqida tuman hokimining qarori qabul qilinadi (tegishli boshqarmalar, tashkilotlar va muassasalar bilan kelishgan holda).
Hayvonlarning quturish kassalligi Toshkent shahrining butun hududiga tarqalgan taqdirda Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasi inspektorining taqdimnomasiga koʻra 60 kunlik karantin e’lon qilish haqida Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilinadi (tegishli boshqarmalar, tashkilotlar va muassasalar bilan kelishgan holda).
Hayvonlarning boshqa kasalliklari aniqlanganda, ularning tarqalish miqyosiga qarab kasallik tarqalgan hududda karantin e’lon qilish haqida tuman yoki Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilinadi.
Karantin davrida barcha turdagi hayvonlarni sotish, soʻyish, boshqa joyga koʻchirish, koʻrgazmalarda ishtirok etish, karantin hududiga boshqa hayvonlarni va begona odamlarni kiritish, ozuqalarni olib kirish va chiqarish taqiqlanadi.
Qaror «Toshkent oqshomi» gazetasining 2015 yil 28 avgustdagi 178-179-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.