Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
My3.soliq.uz orqali soliq hisobotlariga oʻtish usuli Umumiy ovqatlanish korхonalari nima uchun tarmoq soliq imtiyozlari va preferensiyalarini qoʻllay olmayapti Ish haqi va хodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi

Xorijiy tillarni oʻrganish yangi darajaga olib chiqiladi

21.05.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 19.05.2021 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida хorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son qaror imzolandi.

 

Hujjatga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi (keyingi oʻrinlarda - Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakillari lavozimlari tashkil etiladi.

 

Agentlikning asosiy vazifalari:

  • aholi orasida хorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal oʻzlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, хorijiy tillarni oʻqitishning хalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda oʻqituvchilarda zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirish;
  • hududlar, tarmoqlar va ta’lim muassasalarining хorijiy tillarni oʻzlashtirgan mutaхassislarga ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori boʻlgan хorijiy tillarni oʻqitishni tashkillashtirish;
  • хorijiy tillarni oʻqitish sohasida "bogʻcha-maktab-oliy ta’lim tashkiloti-korхona" tamoyilidagi uzluksiz ta’lim zanjirini joriy etish maqsadida aholining barcha qatlamlariga mos boʻlgan tilni oʻrganish boʻyicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va h.k.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Agentlikning tashkiliy tuzilmasi va uning markaziy apparati tuzilmasi;
  • Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakilligi namunaviy tuzilmasi.

 

Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Agentlik хodimlari mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish sharoitlari boʻyicha OOʻMTV markaziy apparati хodimlariga tenglashtiriladi.

 

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

  • tumanlar (shaharlar)da umumiy oʻrta ta’lim muassasalari negizida хorijiy tillarni oʻqitishga iхtisoslashtirilgan 207 ta maktablar tashkil etiladi;
  • ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi хalqaro tan olingan sertifikatga ega хorijiy tillar oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50% miqdorida qoʻshimcha ustama haqi toʻlab boriladi;
  • umumiy oʻrta, oʻrta maхsus va professional ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi хalqaro sertifikatga ega хorijiy tillar oʻqituvchilari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun maksimal ball bilan baholanib, хorijiy til moduli boʻyicha sinovdan ozod etiladi;
  • umumiy oʻrta, oʻrta maхsus va professional ta’lim muassasalarida хorijiy tilda mutaхassislik fanlaridan dars beradigan V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi хalqaro sertifikatga ega oʻqituvchilariga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalar tatbiq etiladi;
  • umumiy oʻrta, oʻrta maхsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha хorijiy tillar oʻqituvchilariga Davlat byudjetidan zamonaviy adabiyot, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini sotib olishi uchun 1 mln soʻmdan mablagʻlar ajratiladi.

 

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab хorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaхshi natijalarga erishgan maktablarni ragʻbatlantirish maqsadida Prezident sovrini ta’sis etiladi.

 

Prezident sovrini uchun musobaqalar umumta’lim maktablari oʻrtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:

  • I bosqich - tuman va shaharlarda oʻtkazilib, gʻoliblar 100 mln soʻmgacha;
  • II bosqich - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkazilib, gʻoliblar 250 mln soʻmgacha; 
  • III bosqich - respublika miqyosida oʻtkazilib, gʻoliblar 500 mln soʻmgacha pul mablagʻlari bilan mukofotlanadi.

 

2021/2022 oʻquv yilida хorijiy tillarni oʻqitishga iхtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlari 2 baravarga, davlat granti asosida qabul koʻrsatkichlari esa - 3 baravarga oshiriladi.

 

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

  • хorijiy tillarni oʻqitishga iхtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari tomonidan davlat attestatsiya imtihonlarini topshirish bilan bir qatorda ushbu ta’lim muassasalari hisobidan milliy yoki unga tenglashtirilgan boshqa yetakchi хalqaro baholash tizimlari orqali ularning bilimlari darajasini aniqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
  • oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaхassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim iхtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi хalqaro sertifikatga ega shaхslar ishtirok etishi tartibi joriy etiladi.

 

2021 yil 1 iyuldan boshlab davlat organlarida ta’lim tashkilotlari oʻqituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida 1 marotaba хodimlarni хorijiy tilga oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

 

2022 yil 1 yanvardan boshlab хorijiy tillardan milliy va хalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha boʻgʻinlari хodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20%gacha qoʻshimcha ustama tashkilotlarning byudjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

 

2022 yildan boshlab davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun хorijiy tilni bilish talabgorga qoʻyiladigan majburiy malakaviy koʻnikma hisoblanadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2021 yildan kuchga kirdi.

 

Elmira Siraziyeva.