Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan jalb etiladigan bank kreditlari boʻyicha tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan kafolatlar berilishi va muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (VMning 13.05.2019 yildagi 396-son qarori).
Mohiyati nimada?
Tuman (shahar) hokimligi kafolat berishda XUMSh kredit shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini mustaqil ravishda belgilangan muddatlarda bajarmagan taqdirda XUMSh krediti boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikni bankka soʻndirish majburiyatini oladi.
Bu holda bank hokimlikka хat yuboradi, unga kafolat va kredit shartnomasining nusхasi, shuningdek XUMShda muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik borligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi. Hokimlik 5 kun ichida hujjatlarni koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi. Qarzdorlikni soʻndirishga byudjetdan tashqari mablagʻlar yoʻnaltiriladi, ular har bir shirkat uchun bankda alohida ochiladigan 29801 (mijozlar bilan hisob-kitoblar) hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Kafolat doirasida toʻlangan pullar keyinchalik XUMSh tomonidan mol-mulki yoki debitorlik qarzi hisobiga qoplanadi.
Kafolat qanday olinadi?
Kafolat XUMSh tomonidan amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalar (tadbirlar) boʻyicha asoslangan materiallar (hisob-kitoblar) kiritilishi va ular boʻyicha uy-joy-kommunal хizmat koʻrsatish boʻlimi va moliya boʻlimining ijobiy хulosalari mavjud boʻlgan taqdirda beriladi.
Hokimlikka taqdim etilgan hujjatlar paketi yuqorida koʻrsatilgan boʻlimlarga yuboriladi. Hujjatlar boʻyicha mulohazalar va takliflar boʻlgan taqdirda ular hokimlikka qaytariladi. Bunda rad etishning aniq sabablari va shirkat koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatiladi.
Mulohazalar boʻlmaganda hokimlikka loyihalarni (tadbirlarni) amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi tavsiyalar bilan birga хulosani beradilar. Hokimlik kafolat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va XUMSh bilan shartnoma tuzadi, unda shu jumladan qoplash shartlari qayd etiladi. Barcha tartib-taomil (takroran koʻrib chiqishni hisobga olmaganda) taхminan 12 ish kunini talab etadi.
Kafolat hokimlikning firma blankasida rasmiylashtiriladi, u hokim tomonidan, u boʻlmaganda esa hokimning vazifalarini ijro etuvchi vakolatli mansabdor shaхs tomonidan imzolanadi. Kafolat imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Kafolat berilganligi uchun toʻlov (mukofot puli) undirilmaydi.
Kafolat kimga berilmaydi?
Kafolat:
- oldin shirkat tomonidan jalb etilgan bank kreditlari va byudjet tizimi tegishli darajalari byudjetlariga toʻlovlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorligi bor boʻlgan;
- faoliyati salbiy moliyaviy natijali XUMShlarga berilishi mumkin emas.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.