Vazirlar Mahkamasining 20.04.2019 yildagi 342-son qarori bilan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash tartibi tasdiqlandi.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qator chora-tadbirlarni nazarda tutadigan Prezidentning 9.01.2019 yildagi PF-5618-son Farmonida ushbu nizomni ishlab chiqish haqida topshiriq berilgan.
Monitoring qilish va baholashni oʻtkazish Adliya vazirligi va uning hududiy organlariga yuklatildi. Asosiy maqsad – huquqiy targʻibot tadbirlarining samaradorligini oshirish, bu borada davlat organlari va tashkilotlarning mas’uliyatini kuchaytirish hamda huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilish boʻyicha yangi innovatsion uslublarni joriy qilish va amalda tatbiq etishdan iborat.
Monitoring qilish va baholashda quyidagilarning bajarilishi holati tahlil qilinadi:
- Prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha dasturlar, “yoʻl хaritalari”;
- normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi va ijrochilarga tushuntirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari;
- davlat organlari va tashkilotlar tomonidan oʻzining soha faoliyatiga tegishli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni targʻib qilish yuzasidan tasdiqlangan targʻibot rejalari.
Monitoring qilish har yili ikki marotaba (may va oktyabr oylarida), mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan huquqiy targʻibot boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida tegishli ma’lumotlarni soʻrab olish orqali amalga oshiriladi. Zarurat boʻlganda joyiga borib oʻrganiladi.
Olingan ma’lumotlar tahlil qilinadi, oʻtkazilgan tadbirlar samaradorligi esa hujjat bilan tasdiqlangan maхsus baholash tizimi indikatorlariga muvofiq baholanadi.
Baholash natijalariga koʻra salbiy yoki past koʻrsatkichga ega boʻlgan davlat organlari va tashkilotlar mas’uliyatini oshirish hamda ularga huquqiy targʻibot tadbirlarini samarali tashkil etishda koʻmaklashish boʻyicha choralar koʻriladi. Davlat organi tomonidan notoʻgʻri ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlangan taqdirda uning rahbari ogohlantiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.