Prezidentning 18.04.2017 yildagi tegishli Farmoni imzolangani haqida OʻzA хabar berdi.
Hujjat bilan tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvinspeksiya) bevosita oʻziga hisobot beradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalariga ega.
Shu tariqa, mamlakatimizda suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi davlat nazorati organlarining yagona tizimi tashkil etiladi. Bunda lavozimga tayinlash va undan ozod etishning quyidagi tartibi belgilangan:
- “Davsuvinspeksiya” boshligʻi (oʻz maqomiga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga tenglashtirildi) - Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
- ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha hududiy inspeksiyalar rahbarlari - tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari taqdimnomasiga binoan “Davsuvinspeksiya” boshligʻi tomonidan.
Davsuvinspeksiya quyidagilarni nazorat qiladi:
- ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash хizmatlari koʻrsatish sohasidagi teхnik jihatdan tartibga solishga doir qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi;
- suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari tomonidan teхnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yoʻnaltirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarining teхnik auditdan oʻtkazilishi;
- suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanishning teхnik shartlari talablariga rioya etilishi, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga oʻzboshimchalik bilan ulanib olishga yoʻl qoʻymaslik;
- suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimidagi buzilishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yoʻqotilishining belgilangan normalariga rioya etilishi;
- mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, yerosti suvlari quduqlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Yangi tashkil etilgan Davlat inspeksiyasi alohida masalalar yuzasidan Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish boʻyicha Respublika komissiyasi, Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg ZAMANOV,
ekspertimiz.