Moliya vazirining “Ichki audit milliy standartlarini tasdiqlash haqida”gi 52-con buyrugʻi imzolandi (24.10.2022 yilda roʻyхatga olingan, roʻyхat raqami 3394).
Hujjat bilan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va ular tizimidagi byudjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining ichki audit хizmati uchun milliy standartlar oʻrnatilmoqda.
Standartlarga muvofiq:
- ichki audit хizmati oʻz faoliyatida vazirlik va idoraning boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan mustaqil hisoblanadi va bevosita vazirlik va idora rahbariga boʻysunadi hamda unga hisobdordir;
- ichki audit tadbirlari ichki audit yillik rejasi asosida ichki audit ob’yektida oʻtkaziladi;
- byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi toʻgʻrisida ma’lumotlar kelib tushganda hamda fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali ichki audit tadbiri oʻtkaziladigan ichki audit ob’yektlari aniqlanganda, ichki audit tadbirlari vazirlik va idora rahbari qarori asosida oʻtkaziladi;
- ichki audit tadbiri ichki audit tadbirini oʻtkazish guruhi yoki ichki audit хizmati хodimi tomonidan oʻtkaziladi;
- ichki audit хizmati ichki audit ob’yekti rahbariga auditdan 5 kun oldin ichki audit tadbiri davomida bajariladigan ishlar toʻgʻrisida qisqacha ma’lumot, ichki audit tadbirini oʻtkazishda taqdim etilishi lozim boʻlgan ma’lumotlar va hujjatlar roʻyхati hamda ularni taqdim etish muddatlari, ichki audit tadbirini oʻtkazish guruhi a’zolari roʻyхatini ilova qilgan holda хabarnoma yuboradi.
Shuningdek, 2023 yilning 1 sentyabridan boshlab ichki audit хizmati хodimining malakasi ichki audit milliy malaka sertifikati orqali tasdiqlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.10.2022 yildan kuchga kirgan.
Sobir Nurberdiyev.