Ichki ishlar va sogʻliqni saqlash vazirliklari, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi qarori (15.03.2018 yilda 2982-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga oʻqishga kirayotgan oʻquvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBBning tibbiyot boʻlimlaridagi harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Oʻqishga kirayotganlar uslubiy koʻrsatmalar (alohida ilovada keltirilgan) asosida birlamchi va yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Birlamchi tibbiy koʻrikda abituriyentning ambulator tibbiy kartasi (025-shakl) va uning ota-onasi haqidagi asosiy anamnestik ma’lumotlar (kasalliklari, jarohatlari va h.k.) oʻrganiladi. Komissiya ushbu hujjatlarni abituriyent roʻyхatda turadigan joydagi tibbiyot muassasalaridan soʻrab oladi.
Quyidagi majburiy tahlillar va tekshiruvlar oʻtkaziladi:
- umumiy tahlillar;
- gepatitning «V» va «S» (HBsAg, HCV) markerlari; RW (Vasserman reaksiyasi); OITS/OIVni (OITSga qarshi kurash markazlarida topshiriladi) aniqlovchi qon tahlillari;
- qonning ALT, AST, umumiy oksil va bilirubin tahlillari;
- EKG;
- EFGDS – qiziloʻngach, oshqozon va oʻn ikki barmoq ichakning ichi va shilliq pardasini koʻrikdan oʻtkazish uchun endoskopik tekshiruv;
- UTT;
- flyuorografiya.
Birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida IIV litseylarida oʻqishga toʻsqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar aniqlanadi. Ularning roʻyхati ilovada keltirilgan boʻlib, 109 pozitsiyadan iborat. Ular mavjud boʻlganda oʻquvchi yakuniy tibbiy koʻrikka qoʻyilmaydi.
Yakuniy tibbiy koʻrik oʻquvchining sogʻligʻida birlamchi tibbiy koʻrikdan keyingi oʻzgarishlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda ishtirok etayotgan har bir shifokor oʻz yoʻnalishi boʻyicha tibbiy koʻrikni amalga oshiradi va tibbiy хulosa beradi. Komissiya barcha shifokorlarning хulosalari va tibbiy tekshiruvlar natijalari asosida oʻqishga yaroqlilik yoki yaroqsizlik toʻgʻrisidagi yakuniy qaror chiqaradi.
Qaror asosida litseylarning qabul komissiyalariga yuboriladigan ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 16.03.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.