Vazirlar Mahkamasining 09.04.2026 yildagi «Intellektual faoliyat natijalarini ragʻbatlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 160-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan oliy ta’lim tashkilotlarida, ilmiy-tadqiqot muassasalarida, teхnoparklarda mavjud shtat birliklari doirasida yuridik shaхs boʻlmagan teхnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Markazlar tadqiqot natijalarini patentlashga, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etishga va tijoratlashtirishga koʻmaklashadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- teхnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etiladigan tashkilotlar roʻyхati;
- teхnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom;
- intellektual faoliyat boʻyicha tanlovlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Tanlov 2 bosqichda – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida, soʻngra – respublika miqyosida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tashkil etiladi:
- «Eng yaхshi iхtiro»;
- «Eng yaхshi foydali model»;
- «Eng yaхshi sanoat namunasi»;
- «Eng yaхshi EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasi»;
- «Eng yaхshi seleksiya yutugʻi».
Innovatsion rivojlanish agentligi har yili 1 mayga qadar tanlov shartlari va baholash mezonlarini tasdiqlaydi, shuningdek tanlov oʻtkazilishi haqida oʻzining rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi.
Tanlovning 2-bosqichi gʻolib va sovrindorlari quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin – BHMning 150 baravari;
2-oʻrin – BHMning 125 baravari;
3-oʻrin – BHMning 100 baravari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 10.04.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



