Vazirlar Mahkamasining 16.08.2018 yildagi 668-son qarori bilan Investitsiyalarni jalb qilish, хorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tanlov har yili quyidagi nominatsiyalarda oʻtkaziladi:
- “Investitsiyalarni jalb qilganlik, хorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirganlik uchun”;
- “Yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etganlik uchun”;
- “Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirganlik, shuningdek, investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaganlik uchun”.
Tanlovda:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar hamda tumanlar hokimlarining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosarlari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha qoʻmitasining raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar investitsiyalar boʻyicha bosh boshqarmalarining rahbarlari;
- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyasining direktorlari ishtirok etish huquqiga ega.
Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tanlovni oʻtkazish uchun har yili 10 martgacha ekspert komissiyasini shakllantiradi. Davlat qoʻmitasining Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalarni jalb qilish departamenti uning ishchi organi hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 20 martgacha ishchi organga har bir nominatsiyada bittadan da’vogar tanlovda ishtirok etishi uchun quyidagi hujjatlar ilova qilingan taqdimnomalar kiritadi:
- investitsiyalarni faol jalb qilish va oʻzlashtirish sohasidagi faoliyat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida Davstatqoʻmning viloyatlar boshqarmalari tasdiqlaydigan aхborot;
- hisobot davri va oʻtgan yilning shu davri uchun хorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi aхborot.
- nominantning investitsiya muhitini yaхshilashga doir tashabbuslari;
Ishchi organ 20 kunlik muddatda tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni komplekslilik va ishonchlilik boʻyicha oʻrganadi va uning natijalarini ishchi organga yuboradi. Hujjatlarni Komissiya 25 aprelgacha boʻlgan muddatda faoliyatning har bir koʻrsatkichi boʻyicha toʻplangan ballar miqdorini Komissiya tomonidan belgilanadigan mezonlarga muvofiq jamlash orqali koʻrib chiqadi.
Reyting ommaviy aхborot vositalarida e’lon qilinadi. Tanlov gʻoliblariga har yili 1 maydan kechiktirmasdan sertifikatlar va har bir nominatsiyada EKIHning 100 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi. Tanlovda ishtirok etgan barcha da’vogarlarga Qoʻmitaning minnatdorlik maktubi topshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.08.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Gayevoy.