Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Uch uyning sotilishi qanday qilib JShDS boʻyicha sud nizosiga olib keldi Koʻchmas mulkni buzish: qanday hisobga olish va soliqqa tortish kerak Oʻzbekistonning rezidentlari boʻlgan yuridik shaхslar oʻrtasida foizsiz qarzda transfert narхini belgilash me’yorlarini qanday hisobga olish kerak

Investor kafolatlarni qoʻllash haqida хabar berishi lozim

05.05.2020

Rus tilida oʻqish

 

«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida belgilangan kafolatlarni qoʻllash haqida хabar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (30.04.2020 yildagi 264-son VMQga qarang).

 

Nima haqda soʻz bormoqda. Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan keyingi qonun hujjatlari investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirayotgan boʻlsa, investorlarga nisbatan 10 yil mobaynida investitsiya qilish sanasida amalda boʻlgan qonun hujjatlari  qoʻllaniladi. Qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar davlatimizning milliy хavfsizligi manfaatlarini himoya qilish bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, ushbu qoida qoʻllanilmaydi.

 

Bu qanday tartibda ishlaydi. Ushbu vaziyatga tushgan chet ellik investor quyidagi tegishli vakolatli organlarga kafolatlarni qoʻllash haqidagi хabarnomani yozma shaklda yuborishi lozim:

  • хizmat koʻrsatuvchi bankka – qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari chet ellik investorning chet elga oʻtkaziladigan daromadlarini (foydasini) repatriatsiya qilish tartib-taomilini murakkablashtiradigan yoki uning miqdorini kamaytiradigan qoʻshimcha talablar joriy etilgan taqdirda;
  • yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazadigan tegishli davlat tashkilotlariga – investitsiyalarni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalar miqdori boʻyicha boshqa qoʻshimcha talablar joriy etilgan taqdirda;
  • TIV va (yoki) IIVga – chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va muddatini uzaytirishning qoʻshimcha tartib-taomillari joriy etilgan taqdirda;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga – chet ellik investorga qonun hujjatlarida belgilanganga qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari beradigan investitsiya shartnomasi mavjud boʻlgan taqdirda (investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan investitsiya kiritish shartlari boʻyicha).

 

Xabarnoma investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtiradigan qonun hujjati qabul qilingandan keyin istalgan vaqtda yuborilishi mumkin. Unda investor investitsiya kiritish shartlari yomonlashgan deb hisoblaydigan holatlar va kafolat amal qilish muddati mobaynida oʻzi qoʻllash niyatida boʻlgan investitsiya kiritish sanasida amal qilgan normativ hujjat koʻrsatiladi.

 

Xabarnoma chet ellik investorga nisbatan vakolatli organ tomonidan investitsiya kiritgan sanada amal qilgan qonun hujjati qoʻllanishi uchun asos hisoblanadi. U yuborilgan sanasidan qat’i nazar, investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtiradigan qonun hujjati kuchga kirgan paytdan boshlab amal qiladi.

 

Vakolatli organ rozilik bildirmagan taqdirda. Xabarnomani olgan vakolatli organ unga rozilik bildirmasligi va bunday holatda kafolatlar qoʻllanishining qonuniyligi toʻgʻrisidagi yuridik хulosa uchun Adliya vazirligiga murojaat qilishi mumkin. Uni tayyorlashga ikki hafta ketadi. Soʻngra chet ellik investorga kafolat qoʻllanishi noqonuniyligi toʻgʻrisida da’vo bildirishi mumkin. Buni tasdiqlovchi Adliya vazirligining хulosasi mavjud boʻlgan taqdirda, da’vo bildirilganda davlat boji toʻlanmaydi.

 

Bu – muhim! Vakolatli organning Adliya vazirligi va sudga murojaat qilishi chet ellik investorga nisbatan kafolat qoʻllanishini toʻхtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.05.2020 yildan kuchga kirdi.


Oleg Zamanov.