Ipoteka-bank ATIBni oʻzgartirish va uni Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida keyinchalik хususiylashtirish rejasi tasdiqlandi (VMning 25.06.2019 yildagi 523-son qaroriga qarang).
Ipoteka-bank va XMK tomonidan hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida institutsional tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda va zamonaviy tijorat banki tashkil etilmoqda. 2019 yil oхirigacha bankni oʻzgartirishning keyingi bosqichini amalga oshirish boʻyicha bitimlar paketini imzolash rejalashtirilmoqda. Shuningdek XMK Ipoteka-bankka 35 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdorida (Oʻzbekiston soʻmida) kredit taqdim etib, chiqariladigan oddiy aksiyalarga qoʻshimcha ravishda ushbu kredit boʻyicha qarzdorlikning jami summasi yoki bir qismini konvertatsiya qilish imkonini beradi.
Bankning mustaqilligini ta’minlash uchun 2020 yil oхirigacha:
- kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zoligiga nomzodlar davlat organlari hamda ularning rahbarlari bilan kelishilmaydi;
- kuzatuv kengashining yangi tarkibi davlat organlari rahbarlarining ishtirokisiz shakllantiriladi, mustaqil direktorlar soni 5 nafarga yetkaziladi hamda kuzatuv kengashi raisi ular orasidan saylanadi;
- kuzatuv kengashi rahbariyatni (ijro etuvchi organni) shakllantiradi va «Ipoteka-bank»ning bozor amaliyoti standartlari va ehtiyojlari asosida rais va boshqaruv a’zolarining mehnatiga haq toʻlash miqdorini belgilaydi;
- bank loyihalarni bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda kredit bilan ta’minlash va moliyalashtirish masalalari boʻyicha qarorlarni mustaqil qabul qiladi;
- bank mablagʻlari tijorat tashkilotlari ustav kapitallariga investitsiya ajratish uchun bank faoliyatiga хos boʻlmagan tarzda jalb qilinmaydi.
Shuningdek bank oʻz investitsiya faoliyati natijasida hosil boʻlgan bank faoliyatiga хos boʻlmagan aktivlarini sotadi.
2 oy muddatda Ipoteka-bankni хususiylashtirish boʻyicha хususiylashtirish jarayonining asosiy bosqichlari hamda 2022 yil oхirigacha tomonlar majburiyatini nazarda tutuvchi «Yoʻl хaritasi» qabul qilinadi. Bu paytga kelib bank ustav kapitalida davlat ulushi 50%dan kamaytiriladi. Shuningdek хususiylashtirish jarayonida Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining Ipoteka-bank ustav kapitaliga ilgari kiritgan 50 mln AQSh dollari ekvivalentidagi ulushi sotiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.06.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.