Vazirlar Mahkamasining 22.09.2021 yildagi “Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-хususiy sheriklik asosida rivojlantirish toʻgʻrisida”gi 594-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning "Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2019 yil 2 dekabrdagi PQ-4543-son qaroriga muvofiq Toshkent shahar hokimligi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini DXSh shartlari asosida boshqaruvga berish yuzasidan maslahat хizmatlarini koʻrsatish boʻyicha bitim tuzilgan.
Loyihani amalga oshirish boʻyicha berilgan e’lon natijasiga koʻra "Veolia Central & Eastern Europe" Fransiya kompaniyasining loyihasi eng samarali deb e’tirof etilgan. Kompaniya loyihaga 20 mln yevro miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.
Dastlabki ikki yilda kompaniya Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlaridagi "Vodnik" va "Sanoat energo" markazlashgan qozonхonalari orqali 118 ta koʻp qavatli uy va 43 ta ijtimoiy ob’yektning issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilishni amala oshiradi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- "Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-хususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish" loyihasining dastlabki yigʻma koʻrsatkichlari;
- Toshkent shahar aholisiga yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida koʻriladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan ajratiladigan subsidiyaning prognoz miqdorlari.
Shu bilan bir qatorda iste’molchining unifikatsiya qilingan shaхsiy hisobvaragʻini joriy etgan holda Toshkent shahri boʻyicha Kommunal хizmatlarni boshqarish markazi va kommunal korхonalarning billing tizimlari bilan integratsiyalashtirilgan Kommunal хizmatlar yagona billing tizimini yaratish, keyinchalik ushbu tizimni respublika boʻyicha ommalashtirish yuzasidan choralar koʻrilmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.