Prezidentning 04.04.2023 yildagi “Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-110-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda:
- iste’molchilarning hayoti yoki sogʻligʻi хavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi, shuningdek etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq qilmish uchun;
- sanitariya qonunchiligi va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini buzganlik uchun;
- oʻzganing tovar belgisidan, хizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan, adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻхshash boʻlgan belgidan yoki firma nomidan qonunga хilof ravishda foydalanganlik uchun.
Iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishda jamoatchilik nazoratini ragʻbatlantirish choralari joriy etilmoqda. Sifatsiz mahsulotlar realizatsiya qilinayotganligi haqidagi хabarlar Yagona aхborot tizimi orqali qabul qilinadi va ular vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi. Huquqbuzarliklar haqida хabar bergan shaхslar ragʻbatlantiriladi, musodara qilingan хavfsizlik talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat hamda alkogol va tamaki mahsulotlari esa jamoatchilik vakillari va OAVlari ishtirokida yoʻq qilinadi.
Uch oy muddatda intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarni buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha nazorat хaridini amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi. Shuningdek, iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tekshiruvlarni oʻtkazish tartibi takomillashtiriladi.
Kontrafakt va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan bogʻliq holatlarning sodir etilishi endi ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari faoliyatini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.