Prezident 2019 yil 19 aprel kuni Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqladi (13.11.2019 yildagi PQ-4520-son qarorga qarang).
Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning 18–19 aprel kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi davomida ikki davlat hukumatlari rahbarlari ushbu bitimni imzolagan edilar.
Bunday hujjatlarda, qoidaga koʻra, shartnoma taraflari investitsiyalarini har tomonlama huquqiy jihatdan himoya qilish, shu jumladan ularni ekspropriatsiya qilish yoki milliylashtirishni taqiqlash, toʻlovlarni oʻtkazishda erkinlik berish, investorlarga yetkazilgan zararni qoplash hamda davlat va investorlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish tartibi nazarda tutiladi. Masalan, shunga oʻхshash bitimlarni Oʻzbekiston Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Xitoy va yana bir qator davlatlar bilan imzolagan.
Oʻzbekiston TIV mazkur shartnoma kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul boʻlgan vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani Koreya Respublikasiga yuboradi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu ikkitomonlama bitim doirasida Oʻzbekistonning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.11.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.