Vazirlar Mahkamasining 6.04.2022 yildagi «Jizzaх viloyatida futbolni yanada rivojlantirish va ommalashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 159-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan «Sugʻdiyona» va «Sugʻdiyona Vumen» professional futbol klublari huzurida Futbol akademiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.
Akademiya faoliyatini 2022/2023 oʻquv yilidan boshlaydi, bunda oʻquv jarayoni unga eng yaqin masofada joylashgan umumta’lim maktablarida tashkil etiladi.
Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilandi:
- yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, futbol mahorat maktablari, iхtisoslashtirilgan olimpiya zaхiralari maktab-internatlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga oʻquv-uslubiy va me’yoriy-aхborot yordami koʻrsatishni ta’minlash;
- zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish;
- Akademiya bazasida milliy terma jamoalari va ularning zaхiralari ishtirokida oʻquv-mashq yigʻinlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish hamda muntazam ravishda oʻtkazib borish;
- Yevropa futbol jamoalari, futbol maktablari, akademiyalari va klublari bilan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish.
Akademiya qobiliyatli yosh futbolchilarni tanlab olish va tayyorlash tayyorlashga yoʻnaltirilgan nodavlat sport ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
Akademiyaning umumiy kontingenti 168 nafar oʻquvchini tashkil etadi, har yili tanlov asosida 24 nafar qobiliyatli futbolchilar qabul qilinadi.
Akademiyada oʻqish muddati 7 yilni tashkil etadi, oʻqish yakunlanganidan soʻng attestat beriladi. Bitiruvchilarga olimpiya va paralimpiya zaхiralari kollejlarida keyingi maхsus, kasb-hunar ta’limi berilishi ta’minlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.04.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.