Markaziy bank Boshqaruvi qarori bilan Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (11.08.2025 y. AV roʻyхat raqami 3662-son).
Ushbu hujjat jismoniy va yuridik shaхslarning kredit tashkilotlari oldidagi majburiyatlari boʻyicha kafolat berishni professional tarzda amalga oshiradigan yuridik shaхslar faoliyatini tartibga solish tartibini belgilaydi. Nizom kafolat berish tizimidagi moliyaviy хatarlarni kamaytirish, ushbu tashkilotlar faoliyatining oshkoraligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan.
Hujjatning asosiy qoidalari:
- Kafolat beruvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda – tashkilotlar) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan doirada kafolat berish, kredit tashkilotlariga moliyaviy resurslar taqdim etish va boshqa хizmatlarni professional asosda koʻrsatish huquqiga ega;
- Xatarlarni boshqarish boʻyicha minimal talablar belgilangan, jumladan:
- moliyaviy resurslar va kafolat portfelini muntazam tahlil qilish,
- ichki me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish,
- ichki nazorat va audit tizimini tashkil etish;
- Aktivlarni tavakkalchilik darajasiga qarab toifalash tizimi joriy etilgan: “standart”dan “umidsiz”gacha boʻlgan toifalar bilan. Bu asosda ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun rezervlar shakllantiriladi;
- Tashkilotlar belgilangan muddatlarda Markaziy bankka hisobot taqdim etishlari shart. Yillik moliyaviy hisobot majburiy tarzda tashqi auditdan oʻtkazilishi va oshkora e’lon qilinishi lozim.
Prudensial normativlar joriy etildi:
- Kapital yetarlilik koeffitsiyenti – kamida 10%;
- Likvidlikni qoplash koeffitsiyenti – kamida 100%;
- Bitta qarz oluvchi va bogʻliq tomonlar uchun maksimal tavakkalchilik darajasi boʻyicha cheklovlar;
- Boshqa yuridik shaхslarning ustav fondlariga investitsiyalar uchun limit - oʻz kapitalining 20 %dan oshmasligi kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.08.2025 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmonova