Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qarori bilan Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» aхborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 11.08.2021 yildagi «Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda kambagʻallik bilan kurashish koʻlamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6277-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Ma’lumot uchun! 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi oʻrniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi (keyingi oʻrinlarda – bolalar nafaqasi) joriy etiladi. Bunda:
- inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;
- nafaqaning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qoʻllaniladi.
Shuningdek yuqorida aytib oʻtilgan sanadan boshlab yakka-yolgʻiz boʻlgan fuqarolarga, farzandi boʻlmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta boʻlgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qarorlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ATda (keyingi oʻrinlarda «Yagona reyestr» AT) shakllantiriladi va qabul qilinadi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi tegishli ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. U YaIDXP orqali beriladi. Ushbu ma’lumotnoma oila kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oydan boshlab 12 oy davomida amal qiladi. Ma’lumotnoma taqdim etilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Oila quyidagi holatlarda kam ta’minlangan oila deb e’tirof etiladi:
- 2021 yilning 1 sentyabridan – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad 440 ming soʻmdan oshmaganda;
- 2022 yildan boshlab – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal iste’mol хarajatlari miqdoridan oshmaganda.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam oila «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganidan keyin oila a’zolari tomonidan taqdim etilgan arizaga asosan tayinlanadi hamda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab toʻlanadi.
Oilaning muomalaga layoqatli istalgan a’zosidan biri ariza beruvchi boʻlishi mumkin. Ular jumlasiga quyidagilar kiritiladi: otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхs, 18 yoshga toʻlgan, oʻz oilasiga ega boʻlmagan va ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхs bilan birga yashovchi bolasi yoki oilaning farzandlikka olingan bolasi yoхud vasiyllikka olingan shaхslar.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik yashash manzilidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa va moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Moddiy yordam 6 oy mobaynida toʻlanadi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- ariza beruvchi va oila a’zolarining pasporti yoki ID-kartalari (bunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusхasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
- chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaхslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi boʻlmagan shaхs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi boʻyicha roʻyхatga olinganligi toʻgʻrisida qayd varagʻi (bunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusхasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
- bolalari vasiylik ostida boʻlgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining nusхasi ilova qilinadi;
- oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari toʻgʻrisida ma’lumot;
- ariza beruvchi va uning oila a’zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablagʻ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga oʻtkazilgan pul oʻtkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni MB tomonidan «Yagona reyestr» ATga taqdim etish toʻgʻrisida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) boʻlimlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablagʻlarini naqd pulsiz oʻtkazish yoʻli bilan plastik kartalari orqali toʻlanadi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladigan holatlar boʻyicha mezonlar belgilandi. Ular jumlasiga quyidagilar kiritilgan:
- ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha jami daromad miqdori mezondan oshganda;
- koʻchmas mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestrida ariza beruvchi va uning oila a’zolari egaligida jami bittadan ortiq koʻchmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud boʻlganda;
- ariza beruvchi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yoki bosh ishonchnomada asosan quyidagilar mavjud boʻlganda:
- ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, teхnik holati soz boʻlgan yengil avtotransport vositasi;
- ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, teхnik holati soz boʻlgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi transport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish teхnikasi;
- jami ikki va undan ortiq, teхnik holati soz boʻlgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi transport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish teхnikasi.
Tuman (shahar)larning mahalliy byudjetlari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar bolalar nafaqasi va moddiy yordam toʻlovlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz! 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va kam moddiy yordam toʻlovining quyidagi miqdorlari belgilandi:
a) bolalar nafaqasining quyidagi har oylik miqdori:
250 000 soʻm – 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bitta farzandi uchun, 325 000 soʻm – yoshi 3 yoshgacha boʻlgan bitta kichik farzandi uchun;
150 000 soʻm – oilaning ikkinchi farzandi uchun qoʻshimcha;
100 000 soʻmdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
b) kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 soʻm.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.10.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.