Prezident tomonidan 11 avgust kuni “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda kambagʻallik bilan kurashish koʻlamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Hujjatga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi oʻrniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi (keyingi oʻrinlarda – bolalar nafaqasi) joriy etiladi. Bunda, uni tayinlashda:
- inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;
- uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qoʻllaniladi;
b) yakka-yolgʻiz boʻlgan fuqarolarga, farzandi boʻlmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta boʻlgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi;
v) bolalar nafaqasining quyidagi har oylik miqdori belgilanadi:
- 250 000 soʻm – 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bitta farzandi uchun, 325 000 soʻm – yoshi 3 yoshgacha boʻlgan bitta kichik farzandi uchun;
- 150 000 soʻm – oilaning ikkinchi farzandi uchun qoʻshimcha;
- 100 000 soʻmdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
g) kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori belgilanadi – 380 000 soʻm.
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” aхborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar va shaхslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi.
Elmira Siraziyeva.