Prezidentning 09.02.2026 yildagi "Ogʻir mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish orqali kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-51-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjat 05.02.2026 yildagi PQ-49-son qarorga muvofiq qabul qilingan va "ogʻir" mahallalar aholisi uchun barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan. Bunday hududlarning 903 tasida 300-500 kVt/soat quvvatga ega kichik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish koʻzda tutilgan boʻlib, ular daromad keltiruvchi aktivlar sifatida qaraladi.
Loyiha Energetika vazirligi tomonidan Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobi Energetika vazirligining alohida gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
Tegishli vazirliklar bir oy muddatda stansiyalarni loyihalashtirish, davlat ekspertizasidan oʻtkazish, pudratchilarni tanlash, qurish, ishga tushirish va boshqarish tartibini, shuningdek, elektr energiyasini sotishdan tushgan daromadlarni taqsimlash meхanizmini tartibga soluvchi alohida prezident qarori loyihasini kiritsin.
Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga stansiyalar qurish uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish topshirildi. Ekologik ekspertiza va kadastrni rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi.
2026 yil yakuniga qadar Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bajarilgan ishlarni qayta hisob-kitob qiladi va zarur hollarda loyihani qoʻshimcha moliyalashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 09.02.2026 yildan kuchga kirdi.



