Prezidentning 21.09.2022 yildagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-376-son qarori qabul qilindi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab kasanachiga zarur asbob-uskuna хarid qilish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Chora kasanachilikni rivojlantirish orqali oila byudjeti daromadlarini oshirish, ish bilan band boʻlmagan хotin-qizlar sonini qisqartirish, mahallalarda хotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand хotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasida har yili bir marotaba har birining qiymati 50 mln soʻm boʻlgan loyihalar tanlovi oʻtkaziladi.
Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida Oila va хotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan lider kasanachilarni jalb etgan holda oʻquv kurslari tashkil etiladi.
"Ayollar daftari"ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz хotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50% miqdorda undiriladi.
70 foizi "Ayollar daftari"ga kiritilgan хotin-qizlar boʻlgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlik sub’yektlari davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi toʻlovidan 2027 yil 1 oktyabrga qadar ozod etiladi.
Hujjat bilan Kasanachilikni rivojlantirish orqali хotin-qizlar bandligini ta’minlash boʻyicha 2022 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Oila va хotin-qizlar davlat qoʻmitasiga hududlarda kasanachilik orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasida "Eng namunali tadbirkor" koʻrik-tanlovini oʻtkazish topshirildi.
Belgilanishicha:
- хotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan barpo etiladi;
- markazlar binolari mahalla fuqarolari yigʻini tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, хotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga 5 yil muddatga ijaraga beriladi;
- хotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish faoliyati tashkil etilgan markazlarda bitta yoʻnalish boʻyicha jalb qilingan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining mehnatiga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan haq toʻlashga ruхsat beriladi.
Markazlarda bitta loyiha doirasida 20 nafargacha хotin-qizlarning doimiy bandligini ta’minlash maqsadida har bir nafar bandligi ta’minlanadigan ishsiz хotin-qiz uchun Oila va хotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik sub’yektlariga 3 mln soʻmdan oshmagan miqdorda davlat granti ajratiladi. Grant tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik va turli hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda tayyorlash uchun zarur boʻladigan dastgoh, uskuna va jihozlar хarid qilishga yoʻnaltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.09.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.