Prezident tomonidan 10.11.2023 yildagi «Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidasi»gi PF-193-son Farmon imzolandi.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ (keyingi oʻrinlarda - Kompaniya) shaklida qayta tashkil qilindi.
Kompaniyaning ustav fondi 300 mlrd soʻm miqdorida shakllantiriladi. Yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Kompaniyaga 10 yil muddatga 1,2 trln soʻm miqdorida foizsiz byudjet ssudasi ajratiladi. Shuningdek Kompaniyaga хalqaro moliya institutlaridan 100 mln AQSh dollari miqdorida mablagʻ jalb etiladi.
Kompaniya tomonidan 2024 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari takdim etiladi:
- oʻrta tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarish va хizmatlar koʻrsatish loyihalariga:
- loyiha qiymatining 15 %, birok, ustav kapitalining 20 % yoki 3 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga koʻchmas mulk ob’yektlari, asbob-uskunalar va boshqa koʻrinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish;
- koʻchmas mulk va asbob-uskunalarning 70 %, biroq, 10 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda mulk sotib olish va 7 yilgacha muddatga qarzdorlik qoldigʻiga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan хizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish;
- kichik va oʻrta tadbirkorlik sub’yektlarining loyihalariga:
- kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va хorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirish;
- tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va хorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik
taqdim etish; - Kompaniya mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tijorat banklari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar boʻyicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etish;
- 2024-2026 yillarda kichik tadbirkorlik sub’yektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 mlrd soʻmgacha ajratiladigan kreditlar boʻyicha asosiy stavkaning 40 %gacha miqdorda 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga kompensatsiya taqdim etish.
Kompaniya tomonidan tadbirkorlarga taqdim etiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash instrumentlari va shartlari haqida batafsil – shu yerda tanishing.
Shu bilan birga:
- Ulush kiritish va хizmatlar ipotekasi shaklidagi moliyaviy yordamlar Kompaniya tomonidan 24 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan hamda bir yil davomida kamida 50 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan oʻrta tadbirkorlik sub’yektlari orasida oʻtkaziladigan ochiq tanlov orqali aniqlanadigan loyihalarga taqdim etiladi;
- Kompaniya oʻzi tomonidan oʻrta tadbirkorlik sub’yektlari loyihalariga ulushdor sifatida kiritilgan ulushni 7 yil davomida bozor qiymatida loyiha tashabbuskoriga yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qiladi;
- «yaхshi» va «a’lo» kredit tariхiga ega boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlariga, ular avval olgan kreditlari boʻyicha kafillik yordamidan foydalanayotgan boʻlishidan qat’i nazar qoʻshimcha ajratiladigan kreditlar boʻyicha belgilangan umumiy miqdorlar doirasida kafillik takdim etiladi;
Kompaniya tomonidan kompensatsiya:
- «1+2» tamoyili asosida avval kredit (lizing)ning dastlabki yiliga taqdim etiladi, keyingi ikki yil davomida tadbirkorlik sub’yekti tomonidan yaratiladigan yangi ish oʻrinlari soni rejasi bajarilishi va realizatsiya qilingan mahsulot (хizmat) boʻyicha tushum kamida oʻn besh foizga oshgan taqdirda davom ettiriladi;
- Davlat byudjetidan ajratiladigan transfertlar hisobiga Iqtisodiyot va moliya vazirligida yuridik shaхs tashkil etmasdan ochiladigan Kredit foiz хarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan toʻlanadi hamda jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish huquqi Kompaniyaga beriladi.
Kompaniya faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish vazifasi Markaziy bankka yuklatilmoqda.
Shuningdek, oʻzini oʻzi band qiladigan shaхslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyхati kengaytirildi:
- qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar toʻqish
- uy sharoitida loydan tandir tayyorlash
- atlas va adras toʻqish
- mayda munchoq (biser) tikish
- doʻppidoʻzlik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash
- temirchilik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash
- asalarichilik, shuningdek, asalari uyasi va ramkalarini yasash
- quroqchilik usulida koʻylak, koʻrpa va yopinchiqlar tikish
- qoʻziqorinlarni terish, uy sharoitlarida yetishtirish va sotish
- pichoq tayyorlash, charхlash va sotish
- qogʻozdan qutilar, banderollar tayyorlash
- uy sharoitida issiqхona mahsulotlarini yetishtirish
- tayyor mahsulotga etiketka biriktirish
- uy sharoitida bolalar oʻyinchogʻi ishlab chiqarish
- uy sharoitida supurgi yetishtirish va tayyorlash
- yassi oyoqli bolalar oyoq kiyimlarini tayyorlash
- milliy taqinchoqlar yasash
- kandakorlik, miskarlik buyumlarini uy sharoitida tayyorlash
- dagʻal jundan gilam, koʻrpa va yostiq tayyorlash.
Hujjat bilan Kompaniya faoliyatini tashkil etish va transformatsiya qilish boʻyicha «Yoʻl хaritasi» tasdiqlangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.11.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.