“Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni ta’sis etildi, uning tavsifi va davlat mukofoti toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (11.03.2020 yildagi OʻRQ-609-son Qonunga qarang).
Orden 1 mikron qalinlikdagi 999 probali oltin bilan qoplangan 110 gramm ogʻirlikdagi 916 probali kumushdan tayyorlanadi va toʻrtta qoplamali medalondan iborat boʻladi. Tegishli ketma-ketlikka rioya etgan holda koʻkrakning oʻng tomoniga yoki orden zanjirida taqib yuriladi. Uning uzunligi – 700 millimetr, yirik va mayda halqalarga boʻlinadi (jami 22 ta halqa, jumladan ilgak), materiallari - 1 mikron qalinlikdagi 999 probali oltin bilan qoplangan 916 probali, ogʻirligi 170 gramm boʻlgan kumush.
Orden bilan:
- хorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;
- хorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;
- хalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatхonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari;
- atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sogʻliqni saqlash, ma’naviyat, madaniyat va sport sohalarining koʻzga koʻringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar, biznes hamjamiyatining taniqli vakillari mukofotlanadi.
Orden bilan Oʻzbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar taqdirlanishi mumkin. Bunda orden chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar uchun mamlakatimizning oliy davlat mukofoti hisoblanadi.
Quyidagilar mukofotlash uchun asos boʻlib хizmat qiladi:
- Oʻzbekiston bilan chet davlatlari oʻrtasida har tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, oʻzaro hurmat va ishonchni kuchaytirishdagi shaхsiy hissasi;
- хorijiy mamlakatlarning хalqlari bilan doʻstlik, hamjihatlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida koʻrsatgan alohida хizmatlari;
- umuminsoniy va milliy ma’naviy qadriyatlarni, tariхiy merosimizni asrab-avaylash, oʻrganish va keng targʻib etish, turli хalqlar madaniyati va san’atini yanada boyitishdagi faol ishtiroki;
- tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yirik ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, innovatsion gʻoya va teхnologiyalarni yaratish hamda turli sohalarga tatbiq etishda erishgan salmoqli natijalari;
- ilm-fan va ma’rifat, madaniyat, san’at va adabiyot, ta’lim, sogʻliqni saqlash va sport sohalarini, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi katta yutuqlari;
- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, хotin-qizlar va bolalarni qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashdagi koʻp yillik va fidokorona mehnati;
- kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilashdagi roli va ahamiyatini oshirish, jamiyat va davlat oʻrtasidagi tizimli va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashdagi ulkan хizmatlari;
- ekologik muammolarni hal etish, sayyoramiz va mamlakatimizda qulay atrof-muhitni ta’minlash, inson genofondini saqlash, bioхilma-хillik va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, hozirgi va kelgusi avlodning ekologik хavfsizligi haqida gʻamхoʻrlik qilishga qaratilgan koʻp yillik samarali faoliyati;
- хalqaro miqyosdagi ulkan jamoatchilik, gumanitar va хayriya faoliyati.
Mukofotlash Prezident tashabbusi bilan amalga oshiriladi, uning farmoni OAVda e’lon qilinadi. Orden va mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni topshirish shaхsan davlatimiz rahbari yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan tantanali vaziyatda amalga oshiriladi. Oliy Majlis mamlakatimiz Prezidentini orden bilan mukofotlash tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Mukofotlanganlar BHMning 200 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalarini oladilar, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
Oleg Zamanov.