Konstitutsiyaviy sudning 23.07.2024 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Sudi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 86-moddasi birinchi qismiga sharh berish haqida»gi KSQ-3-son qarori qabul qilindi.
Mazkur masalani koʻrib chiqish uchun Inson huquqlari boʻyicha milliy markazning tegishli normani talqin etish boʻyicha murojaati asos boʻldi.
Qonunning 86-moddasi birinchi qismiga muvofiq Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaхslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda ishni koʻrib chiqish tugagan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sudga beriladi.
Konstitutsiyaviy sudning sharhiga koʻra, «sudda ishni koʻrib chiqish tugagan kun» jumlasini sud tomonidan ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha oхirgi sud hujjati qabul qilingan kun, deb tushunish lozim.
Konstitutsiyaviy sudning qarori qat’iy, uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.07.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev