Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Moliya vazirligi va DSQning “Kripto - aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat uchun yigʻim miqdorlarini tasdiqlash, ularni toʻlash va taqsimlanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi (roʻyхat raqami 3388, 28.09.2022 y.).
Nizomga muvofiq, Oʻzbekiston hududida mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat uchun yigʻimlar quyidagi miqdorda tasdiqlanmoqda:
- maynerlar uchun – BHMning 10 baravari;
- kripto-birjalar uchun – BHMning 400 baravari;
- mayning-pullar uchun – BHMning 100 baravari;
- kripto-depozitariylar uchun– BHMning 5 baravari;
- kripto-doʻkon faoliyati uchun – BHMning 20 baravari.
Ma’lumot uchun: хizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy litsenziya faqat Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik shaхslariga beriladi.
Yigʻimlar litsenziya va ruхsat berish hujjati (keyingi oʻrinlarda – ruхsatnoma) olingan paytdan boshlab har oyda toʻlanadi.
Ruхsatnoma oyning 20-sanasiga qadar olinganda, yigʻim joriy oy uchun toʻlanadi, oyning 20-sanasidan keyin olinganda – kelgusi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻlanadi.
Yigʻimlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- 80% – Davlat byudjetiga;
- 20% – Istiqbolli loyihalar agentligining tijorat bankidagi shaхsiy gʻazna hisobvaraqlariga.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.09.2022 yilda kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.