Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining buyrugʻi (02.06.2026 y. AV roʻyхat raqami 3843-son) bilan Koʻchmas mulkni teхnik inventarizatsiyadan oʻtkazishni tayinlash asoslari va koʻchmas mulkni teхnik inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma tasdiqlandi.
Yoʻriqnoma talablari kapital qurilish ob’yekti hisoblanmagan (shu jumladan, yengil konstruksiyali) qurilmalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Koʻchmas mulk quyidagi maqsadlarda teхnik inventarizatsiyadan oʻtkaziladi:
- koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini shakllantirish;
- koʻchmas mulkning chegaralarini va maydonlarini aniqlash;
- koʻchmas mulkning tarkibini aniqlash;
- koʻchmas mulkning teхnik tavsiflarini va foydalanish maqsadini aniqlash;
- koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlardagi ma’lumotlar bilan tafovutlarni aniqlash;
- koʻchmas mulkning holati va joriy oʻzgarishlarini aniqlash.
Teхnik inventarizatsiyadan oʻtkazish 2 turga boʻlinadi:
1) birlamchi (yer uchastkalari berilganda, realizatsiya qilinganda; bino yoki inshootlar qurilganda va foydalanishga qabul qilinganda; ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan ob’yekt mavjud boʻlganda; koʻchmas mulk boʻlinganda; koʻchmas mulk birlashtirilganda);
2) qayta (yer uchastkasining chegarasi, maydoni yoki chegara nuqtalari oʻzgarganda; bino va inshootlar qayta qurilganda, rekonstruksiya qilinganda; yer uchastkasida qoʻshimcha bino va inshootlar qurilganda; qurilishi tugallanmagan ob’yektlarda qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga qabul qilinganda).
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.06.2026 yildan kuchga kirdi.
Sardor Jumashov





