Qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 04.06.2019 yildagi 460-son qaroriga muvofiq “faralar” boʻyicha qat’iy talab haydovchilarga emas, ishlab chiqaruvchilarga qoʻyiladi, deya хabar beradi Adliya vazirligi oʻzining Telegram-kanalida.
Vazirlar Mahkamasining 9 apreldagi 292-son qarori bilan barcha transport vositalariga chiroqlarni kunduzi yoqib yurish boʻyicha talab qoʻyilgan edi.
U joriy etilgandan soʻng oʻtgan davr davomida Ichki ishlar vazirligi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ushbu tartib tahlil qilindi hamda tegishli loyiha may oyining boshida Hukumatga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 04.06.2019 yildagi 460-son qaroriga muvofiq “faralar” boʻyicha qat’iy talab haydovchilarga emas, ishlab chiqaruvchilarga qoʻyiladi.
Ya’ni qarorga koʻra, 2021 yil 1 yanvarga qadar kunduzi chiroqlarni yoqib harakatlanish shartligi toʻgʻrisidagi talab faqatgina avtomatik yonib turuvchi kunduzgi chiroqlari bor mashinalarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan boshlab ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga sutkaning yorugʻ vaqtida avtomatik yonadigan chiroqlar oʻrnatish majburiy etib belgilanadi. Import avtomobillarning ham shunday avtomatik yonadigan chiroqlari boʻlmasa, mamlakat ichkarisiga olib kirilishiga ruхsat berilmaydi.
Bundan tashqari, Hukumat topshirigʻiga asosan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini (hozirgi vaqtda 101 ming 365 soʻm) kamaytirishga oid tegishli Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.