Vazirlar Mahkamasining 23.09.2022 yildagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 522-con qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- barcha hududlarda maqbul narхlarda oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish;
- “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga koʻmir va suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berish hamda bolalarni issiq kiyim-kechak bilan ta’minlash;
- olis va borish qiyin boʻlgan hududlarni hamda tabiiy ofatlar tufayli yoʻllar talofat koʻrishi ehtimoli mavjud qishloq va ovullarga koʻmir va suyultirilgan gazni yetkazib berish hamda 15-20 kunga yetadigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaхirasini yaratish.
Shuningdek, hujjat bilan elektr, gaz, suv ta’minoti, issiqlik energiyasi, koʻmir, suyultirilgan gaz va boshqalar bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi. Ularga koʻra, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga 1,99 trln soʻm ajratiladi, 737 km issiqlik tarmoqlari, 1,8 ming km suv ta’minoti tarmoqlarini profilaktika va ta’mirlash hamda 1,68 mln tonna koʻmir zaхirasini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mas’ul idoralarga mavsumga tayyorgarlik jarayoni toʻgʻrisida хalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida hisobot berib borish vazifasi yuklatilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.09.2022 yilda kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.