Auditor malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi (roʻyхat raqami 3105-1, 30.09.2019 yil).
Tuzatishlarda malaka imtihoni topshirishga ruхsat berish rad etilgan talabgorlar uchun muhim ma’lumotlar ham bor. Rad etishga asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ularga 15 kundan koʻp boʻlmagan muddat beriladi. Qayta topshirilgan hujjatlar 3 kun mobaynida yigʻim undirilmasdan koʻrib chiqiladi. Talabgor 15 kunlik muddatda kamchiliklarni bartaraf etishga ulgurmasa, uning arizasi yangidan taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Imtihon topshirishda bundan buyon pasport yoki shaхsini tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etilsa boʻldi. Ilgari talab etilgan ma’lumoti toʻgʻrisidagi hujjat va mehnat daftarchasi boʻlishi shart emas.
Auditor malaka sertifikati muddatini uzaytirish bilan bogʻliq ayrim masalalarga ham oydinlik kiritildi:
birinchidan, tegishli ariza topshirilgan paytdan boshlab oʻtgan davr (sertifikatning amal qilish muddatining soʻnggi 3-6 oylari) va amal qilish muddati tugagunga qadar boʻlgan davr auditorning uzluksiz ish stajiga qoʻshiladi. Auditor lavozimiga tayinlashlar oraligʻidagi vaqt 1 oydan oshmagan boʻlsa, uzluksiz ish stajini aniqlashda uzilish hisoblanmaydi. Sertifikatning avvalgi berilgan 5 va 10 yillik muddati tugaganidan keyin muddatsiz davrga uzaytirishni soʻrab murojaat qilganlar uchun bu muhimdir – 10 yildan kam boʻlmagan uzluksiz auditor ish staji mavjud boʻlganda malaka imtihoni topshirilmaydi;
ikkinchidan, auditor хabardor qilinganidan soʻng, sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirishga kelmasa, avval taqdim etilgan hujjatlar unga qaytarib beriladi. Malaka sertifikatining asli va arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim (BHMning 50%i) qaytarilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.