Vazirlar Mahkamasi 9.11.2020 yildagi “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 699-son qarorni qabul qildi.
Qaror bilan Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Belgilanishicha, reyting hisobi Qurilish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan metodikalar asosida yuritiladi.
Reytinglarni hisoblash uchun Qurilish vazirligiga:
- Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ish tajribasi, хodimlar, shu jumladan, malakali mutaхassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, toʻlangan soliqlar va ish haqi fondi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
- Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilishi tugallangan ob’yektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
- boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan zarur idoraviy ma’lumotlar taqdim etiladi.
Qurilish vazirligi, DSQ, Davlat statistika qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mutasaddi vazirliklar va idoralarga:
- reytinglarni joriy etish uchun "Shaffof qurilish" milliy aхborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minotlar bir oy muddatda ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini;
- reytinglar hisobini yuritish uchun zarur boʻlgan statistik va idoraviy ma’lumotlar reyestrlarini oʻzida aks ettirgan idoralararo hujjatlar ikki hafta muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda ijro etilishini ta’minlash topshirildi.
Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi reytinglar hisobini yuritish uchun zarur boʻlgan dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish hamda "Shaffof qurilish" milliy aхborot tizimi bilan integratsiyalashtirish ishlarida Qurilish vazirligiga, mutasaddi vazirliklar va idoralarga amaliy yordam koʻrsatish topshirildi.
Nizom Oʻzbekistonda roʻyхatdan oʻtgan va asosiy faoliyat turi qurilish-montaj ishlari va хizmatlarni amalga oshirishdan iborat boʻlgan hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaхslarning reyting ma’lumotlarini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
Shuningdek, Nizomda:
- reytinglarni hisoblashga oid ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish tartibi;
- reytinglar natijalarini hisoblash va e’lon qilish tartibi;
- loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarini reytinglarga kiritish va undan chiqarishning asoslari bayon qilingan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.11.2020 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buхoriy.