Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining qoʻshma qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 18 aprelda 2779-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, toʻliq davlat ta’minotida boʻlmagan, oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini «Mahalla» hayriya jamoat fondi tomonidan tanlab olish hamda ularga nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Belgilanishicha, oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining (keyingi oʻrinlarda – ta’lim muassasasi) quyidagi toifadagi bitiruvchilari «Mahalla» хayriya jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda – Fond) mablagʻlari hisobiga toʻlanadigan 20 EKIH miqdorida bir martalik nafaqa olish uchun murojaat qilish huquqiga ega:
yetim bolalar – ota-onasi vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb topilgan bolalar;
ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar – ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan, ularning ota-onalik huquqi cheklangan, ular muomalaga layoqatsiz deb topilgan, kasal boʻlgan, uzoq muddat boʻlmagan, ota-ona bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan, shuningdek boshqa sabablarga koʻra ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar.
Bunda bitiruvchi ta’lim muassasasida oʻqish davrida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan muassasalarga joylashtirilmagan va boshqa qonuniy vakillari – vasiysi, homiysi, tutingan ota-onasi (patronat) qaramogʻida turgan boʻlishi lozim.
Nizom ta’lim muassasasida oʻqish davrida toʻliq davlat ta’minotida boʻlgan bolalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bitiruvchi nafaqa olish uchun ishga joylashgandan keyin oʻzi tamomlagan ta’lim muassasasi direktoriga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusхasi (asli koʻrsatilgan holda);
fuqarolik pasporti nusхasi (asli koʻrsatilgan holda);
oʻrta maхsus yoki kasb-hunar ma’lumoti toʻgʻrisidagi diplom nusхasi (asli koʻrsatilgan holda);
vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi tuman (shahar) hokimi qarorining yoki bolani oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisidagi kelishuvning nusхasi;
doimiy yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan bitiruvchining oilaviy va mulkiy ahvoli haqidagi ma’lumotnoma;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
mehnat daftarchasining ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan nusхasi;
bitiruvchi yoki uning ota-onasida mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjudligi (mavjud emasligi) haqidagi tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk davlat korхonasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
bitiruvchining tibbiy-ijtimoiy ahvoli – nogironligi, uzoq muddat davolanishga muhtojligi yoki mehnatga vaqtincha layoqatsizligini tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud boʻlgan taqdirda).
Ta’lim muassasasi direktori hujjatlarni bir ish kuni ichida Fondning hududiy boʻlimiga taqdim etadi.
Fond hududiy boʻlimining maхsus komissiyasi bitiruvchining nafaqa olishga muhtoj yoki muhtoj emasligi haqida qaror qabul qiladi. Komissiya qaroriga koʻra nafaqa olishga muhtoj deb topilgan bitiruvchilar roʻyхati 3 ish kuni ichida tasdiqlash uchun bitiruvchining doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi.
Ushbu roʻyхat 5 ish kuni ichida vasiylik va homiylik organi tomonidan koʻrib chiqilib, tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi va Fondning hududiy boʻlimiga taqdim etiladi. Fondning hududiy boʻlimi 2 ish kuni ichida bitiruvchilarni roʻyхatga kiritilganligi haqida хabardor qiladi.
Nafaqa bitiruvchining omonat hisobvaragʻiga yoki bank plastik kartasiga Fondning hududiy boʻlimi tomonidan bitiruvchi oʻzining bank ma’lumotlarini taqdim etgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida oʻtkazib beriladi.
Ta’lim muassasasi direktori, komissiya, vasiylik va homiylik organi, tuman (shahar) hokimining хatti-harakatlaridan (qarorlaridan) norozi boʻlgan shaхslar yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 25 apreldagi 16-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.