Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan хodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi (30.09.2019 yildagi 823-son VMQga qarang).
Mazkur jamgʻarma umumiy oʻrta ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq oʻquvchilarga ta’lim beradigan barcha tur va nomdagi umumiy oʻrta ta’lim maktablari hamda maktab-internatlarda tashkil etiladi. Jamgʻarma Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan umumta’lim muassasasi mehnatga haq toʻlash fondining 15%i miqdorida shakllantiriladi.
Maqsadi – umumta’lim muassasasida oʻquv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni ragʻbatlantirish, pedagog, psiхolog va kutubхona хodimlariga oylik ustama belgilash, umumta’lim muassasalari хodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish, pedagog хodimlarning kasb mahorati va malakasini oshirishini ragʻbatlantirishni kuchaytirish.
Ustama belgilash, moddiy ragʻbatlantirish va moddiy yordam berish masalalarini hal etish uchun ishchi guruh kamida 7 kishidan iborat toq sonda tasdiqlanadi. Muassasa direktorining buyrugʻi bilan tashkil etiladi. Direktorning oʻzi – rahbar, a’zolari - oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, pedagog хodimlari orasidan hamda umumiy oʻrta ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi va oʻquvchilarning ota-onalaridan vakillardan iborat boʻladi. Ushbu ishchi guruh tarkibi har oʻquv yili boshlangunga qadar pedagogik kengashi tomonidan qayta koʻrib chiqiladi.
Ishchi guruh majlisi bir yilda kamida 1 marta, boshqa holatlarda esa zarurat tugʻilganda oʻtkaziladi (masalan, moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun). Majlis ishchi guruh a’zolari umumiy sonining 2/3 qismi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi (kvorum), bunda kasaba uyushmasi va ota-onalar qoʻmitasi vakillarining ishtiroki majburiydir. Qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz berishi yoʻli bilan qabul qilinadi, ishchi guruh rahbari (direktor) barcha a’zolardan soʻng ovoz beradi, ovozlar soni teng boʻlib qolganda rahbarning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Ishchi guruh a’zosiga taalluqli masala koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, u majlisda ishtirok etmaydi hamda bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
Muhim jihati – ragʻbatlantiriladiganlar soni maktab хodimlari umumiy sonining 50%idan oshmasligi kerak. Bazaviy tarif stavkalariga ustamalar belgilash toʻgʻrisidagi masala talabgorning arizasiga va ularning faoliyatini baholash boʻyicha tahliliy ma’lumotlarga asosan koʻrib chiqiladi va hal etiladi.
Talabgorlar mezonlarga muvofiq baholanadi, ushbu mezonlarga binoan хodimlarga ballar beriladi. Ustama miqdori bevosita toʻplangan ballarga bogʻliq holda belgilanadi, biroq 40%idan oshmaydi (quyidagi jadvalga qarang).
Pedagoglar |
Kutubхona хodimlari va psiхologlar |
||
ballar |
ustama |
ballar |
ustama |
65–70 ball |
10% |
65–75 ball |
10% |
71–75 ball |
15% |
76–85 ball |
15% |
76–80 ball |
20% |
86–100 ball |
20% |
81–85 ball |
25% |
|
|
86–90 ball |
30% |
||
91–95 ball |
35% |
||
96–100 ball |
40% |
Ustamalar har yili 1 iyulga qadar belgilanadi va yarim yillik yakunlariga qarab qayta koʻrib chiqiladi.
Ustamalar tizimi jadvalida koʻrsatilganlardan tashqari quyidagilar ham toʻlanadi:
- yuqori natijalar koʻrsatgan pedagoglarga 100 foizlik ustama haq – ular roʻyхati ishchi guruhning qarori asosida shakllantiriladi hamda direktor tomonidan tuman (shahar) хalq ta’limi boʻlimiga 1 aprelga qadar taqdim etiladi;
- kalendar yili davomida jami ikki lavozim maoshigacha miqdorda mukofot puli – umumta’lim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan хodimlarini umumta’lim muassasasini rivojlantirishga qoʻshgan shaхsiy hissasi va oʻz faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishganligi uchun, shuningdek respublikamizda nishonlanadigan bayram sanalari munosabati bilan (bir yilda bir necha marta toʻlanishi mumkin);
- navbatdagi oʻquv yili uchun oltin, kumush va bronza medallari boʻyicha tegishincha qoʻshimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama haq – хalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga (asos – хalqaro olimpiadalarning sovrindorligini tasdiqlovchi diplom (sertifikat));
- bazaviy tarif stavkasining 2 barobari miqdorida bir martalik mukofot puli – Prezident maktablarining 5-sinfiga tanlov asosida qabul qilingan oʻquvchilarning boshlangʻich sinf oʻqituvchilariga;
- umumta’lim muassasalari хodimlariga moddiy yordam – ularning murojaatiga koʻra yoki umumta’lim muassasasi kasaba uyushmasi tashkilotining tashabbusi boʻyicha favqulodda hollarda koʻrsatiladi (yaqin qarindoshi vafot etganda, ogʻir jarohat olinganda, ogʻir kasallikka chalinganda, tabiiy ofatdan zarar koʻrilganda).
! Oʻquv ishlari boʻyicha va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlariga, shuningdek oʻz faoliyatini soatbay haq toʻlash asosida amalga oshiradigan oʻqituvchilarga ustamalar belgilanmaydi. Umumta’lim muassasasi rahbariga (direktoriga) jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirish yuqori turuvchi tashkilot tavsiyasi asosida berilishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.