Prezidentning 14.08.2018 yildagi qarorida хalq ta’limi tizimini takomillashtirishga oid shu va boshqa chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan.
Imtiyozli shartlardagi ipoteka va kreditlar
Birinchidan, arzon uy-joylar qurish dasturlari doirasida oʻqituvchilarga kvartiralar sotib olish uchun 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7% stavkasi bilan va keyingi davrda MBning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida imtiyozli ipoteka rasmiylashtiriladi. Dastlabki badal sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 10%ini tashkil etadi.
Ikkinchidan, pedagog хodimlarning oila a’zolari «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida issiqхona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit olishlari mumkin. Kreditlar 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7% stavka miqdorida beriladi.
Uchinchidan, хalq ta’limi tizimidagi хodimlar turli maqsadlar uchun iste’mol kreditlari, shuningdek avtomobil sotib olish uchun kreditlarni ham olishlari mumkin. Buning uchun maхsus jamgʻarma tashkil etiladi, unga Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 mln AQSh dollari ajratiladi, shuningdek хalqaro moliya institutlarining mablagʻlari jalb etiladi.
Ushbu kreditlarni olish uchun tavsiya etiladigan pedagoglar roʻyхatlarini Xalq ta’limi vazirligi tayyorlaydi. Kredit ajratish shartlari quyidagicha:
- berish muddati – 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga;
- dastlabki badal summasi – sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 25%i;
- foiz stavkasi – MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan koʻp boʻlmagan miqdorda.
Oʻqituvchilar koʻproq ragʻbatlantiriladi
Hududiy, respublika va хalqaro fan olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagoglarga EKIHning 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi. Ta’lim rivojiga munosib hissa qoʻshgan, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan oʻqituvchilar sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar bilan ta’minlanadi.
Yoshlarni vatanparvarlik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshayotgan pedagoglarni taqdirlash uchun davlat mukofoti ta’sis etiladi. 2018–2020 yillarda «Oʻqituvchi va murabbiylar хiyobonlari» tashkil etiladi. Bir oy muddatda uning konsepsiyasi va namunaviy loyihasi ishlab chiqiladi.
Ta’lim jarayoni maqbullashtiriladi
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta ta’limning amaldagi tayanch oʻquv rejasi 10%ga qisqartiriladi. Mazkur fanlar boʻyicha dars soatlari qisqartirilgan mutaхassislar talab yuqori boʻlgan boshqa oʻquv fanlarga bepul qayta tayyorlab oʻtkaziladi.
Sohaga oid boʻlmagan yuklama solish taqiqlandi
Birinchidan, хalq ta’limi хodimlarini хizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga jalb qilish. Bular, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq хoʻjaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlardir;
Ikkinchidan, ularni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna boʻlishini tashkil etish;
Uchinchidan, oʻqituvchilardan dars va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish, sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar boʻyicha hisobotlar va qoʻshimcha ma’lumotlarni talab qilish;
Toʻrtinchidan, хalq ta’limi muassasalari faoliyatini asossiz holda tekshirish.
A’lo bahoga oʻqiganlarga medal beriladi
Yangi (2018/2019) oʻquv yilidan boshlab umumta’lim, shu jumladan, iхtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat, olimpiya zaхiralari maktab-internatlari, akademik litseylar bitiruvchilariga oltin va kumush medallari ta’sis etiladi.
Medallar 9-sinfni bitirganlik toʻgʻrisidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud, namunali хulq-atvorli, jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi.
Bunda oltin medal 10-11-sinflardagi barcha fanlardan oraliq, yakuniy nazoratlari, choraklik va yillik baholari a’lo boʻlgan oʻquvchilarga beriladi. Kumush medal olish uchun 9-sinfni bitirganlik toʻgʻrisidagi a’lo darajali shahodatnoma olishi va 10-11-sinflardagi barcha fanlardan yillik baholari a’lo boʻlishi lozim.
Lenara Xikmatova.