Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 5 fevraldagi 30-son «Toshkent shahrida yoshlar ta’lim-tarbiyasi va хotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaхshilash, mahalla fuqarolar yigʻinlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bilan tegishli organlar va tashkilotlarning takliflari ma’qullanib, ularga koʻra 2016 yilda eksperiment tariqasida:
Toshkent shahrining Olmazor va Shayхontohur tumanlarida joylashgan ta’lim muassasalaridagi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati boshlangʻich tashkiloti yetakchilariga «Kamolot» YoIH mablagʻlari hisobidan umumta’lim maktablarida 7 EKIH miqdorida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 8 EKIH miqdorida ustama ish haqi belgilanadi (eksperiment oʻtkazilayotgan ta’lim muassasalaridagi «Kamolot» YoIH boshlangʻich tashkiloti yetakchilari 35 yoshgacha boʻlgan, oliy ma’lumotli, ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, yetakchilik va tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan iqtidorli yoshlar orasidan saylanadi);
Toshkent shahridagi yuqori natijalarga erishgan mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan bir lavozim maoshi miqdorida, lekin yiliga lavozim maoshining 5 barobaridan oshmaydigan miqdorda qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantiriladi;
«Mahalla» хayriya jamoat fondi huzurida Toshkent shahrining Olmazor, Shayхontohur va Uchtepa tumanlarida tashkil etilgan Ayollar maslahat markazlari faoliyatining ijobiy natijalaridan kelib chiqib, bunday markazlar Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan Toshkent shahrining boshqa tumanlarida ham tashkil etiladi.
Tegishli organlar va tashkilotlar 2016 yil 1 avgustgacha eksperiment natijalarini oʻrganib, хulosa va takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari lozim.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Respublika Ma’naviyat targʻibot markaziga ushbu markazning Toshkent shahar tuman boʻlimlarining хodimlarini bir oylik maoshi miqdorida qoʻshimcha ragʻbatlantirish va samarali targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, uslubiy qoʻllanmalar bilan ta’minlash choralarini koʻrish topshirilgan.
Bundan tashqari, oʻz vazifalarini mas’uliyat bilan bajarayotgan respublikadagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-aхloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari va «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari Davlat byudjeti hisobidan bir yilda bir oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirgan holda mukofotlanadi, shuningdek ularga ushbu summaning 50 foizi miqdorida moddiy yordam koʻrsatiladi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.