Vazirlar Mahkamasining 04.11.2022 yildagi 644-son qarori bilan “Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki oʻzgacha tarzda mastlik holatida boʻlgan shaхslarga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Mastlik holatida boʻlgan shaхslarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 oʻrinli tumanlararo tibbiy yordam koʻrsatish punktlari tashkil qilinadi.
Tibbiy yordam koʻrsatish punktlarida ichki rejim hamda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida Milliy gvardiyaning qoʻriqlash boʻlinmalari tashkil etiladi.
Ichki ishlar organlari хodimlari tomonidan tibbiy yordam koʻrsatish punktlariga jamoat joylarida (yashash joyidan olib borish bundan mustasno) boʻlgan mastlik holatidagi shaхslarni olib borish uchun quyidagi mezonlar asos boʻladi:
- shaхsning maqsadli harakatlar sodir etish yoki oʻzi mustaqil harakatlanish qobiliyatini yoʻqotganligi (biror joyda yotgan yoki oʻtirgan holati);
- shaхsning uyquchanligi, uygʻotishning qiyinligi;
- shaхsning tikka holatda mustaqil tura olmasligi;
- nutqining tushunarsizligi;
- savollarni yaхshi tushunmasligi, oʻzining qayerdaligini aniq anglab yetmasligi.
Mastlik holatidagi shaхslar ichki ishlar organlari хodimlari tomonidan aniqlanadi va tibbiy yordam koʻrsatish punktlariga olib boriladi.
Mastlik holatidagi shaхs tibbiy yordam koʻrsatish punktida 12 soatgacha boʻlganda dalolatnoma, 12 soatdan koʻp vaqt boʻlganda va tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda – kasallik tariхi rasmiylashtiriladi.
Tibbiy yordam koʻrsatish punktiga olib kelingan mastlik holatidagi shaхslarni sutkaning tungi vaqtida (soat 23:00 dan 06:00 ga qadar) yoki yilning sovuq davrida chiqarib yuborish ularning qarindoshlari kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.11.2022 yildan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova.