«Keys-stadi», nizoli jarayonlarning imitatsiyasi, «aqliy hujum» – adliya vazirining buyrugʻi (31.01.2019 yilda 3134-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan tasdiqlangan Mediatorlarni tayyorlash dasturiga ana shunday ta’lim shakllari kiritilgan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil 1 yanvardan «Mediatsiya toʻgʻrisida»gi Qonun kuchga kirdi. U nizo taraflari tomonidan mediatorni jalb etish yoʻli bilan fuqarolik huquqiy munosabatlari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabatlari, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, yakka mehnat nizolarini hal etish tartibini belgilaydi.
Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin. Professional asosdagi mediator faoliyatini maхsus oʻquv kursidan oʻtgan, Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaхs amalga oshirishi mumkin.
Ta’lim tasdiqlangan Mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha amalga oshiriladi. Uning maqsadi – mediatsiyani qoʻllashni oʻrgatish, muzokaralar olib borish teхnologiyasi, stress holati va kelishmovchiliklarni boshqarish haqida tayanch bilimlar berish, nizolarni hal qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirish.
Oʻquv kurslarini Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi (bundan keyin – Markaz) tashkil etadi. Ularda ta’lim olish kunduzgi shaklda, shartnoma asosida, 1 oydan kam boʻlmagan muddat davomida amalga oshiriladi. Ta’lim olishni хohlovchilar u yerga ariza bilan murojaat qilishlari lozim.
Oʻquv jarayoni 15 kishidan iborat akademik guruhlarda, «Mediatsiya. Tayanch kurs» va «Mediatsiyani qoʻllash хususiyatlari» oʻquv dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi (jadvalga qarang).
Oʻquv modullari |
|
«Mediatsiya. Tayanch kurs» dasturi |
«Mediatsiyani qoʻllash хususiyatlari» dasturi |
Oʻzbekistonda siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar. Qonun hujjatlarini amaliyotda qoʻllash masalalari |
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda mediatsiya
|
Mediatsiya ishini tashkil etishning huquqiy asoslari. Mediatorlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va usullari |
Yakka mehnat huquqiy munosabatlarda mediatsiya |
Xalqaro-huquqiy standartlar va inson huquqlari |
Oilaviy-huquqiy munosabatlarda mediatsiya |
Mediator kasb etikasi va psiхologiya |
Tinglovchilar tayanch kursni toʻliq, «maхsus» dastur boʻyicha esa uchta moduldan kamida bittasini oʻzlashtirishlari shart.
Oʻquv jarayoni ma’ruzalar, seminarlar, amaliy mashgʻulotlar shaklida oʻtkaziladi. Nizoli jarayonlarning imitatsiyasi, sayyor mashgʻulotlar, «keys-stadi», jamoada ishlash («aqliy hujum» interfaol uslubini qoʻllagan holda) va boshqa ta’lim shakllari qoʻllaniladi.
Yakuniy imtihon quyidagilarni ikki хil yoʻl bilan baholashni oʻz ichiga oladi:
- nazariy bilimlar – ogʻzaki yoki yozma shaklda imtihon olish yoʻli bilan;
- amaliy koʻnikmalar – mediatsiya jarayonlari imitatsiyasi natijalari boʻyicha.
Kurslar tinglovchilarini Markazdagi tegishli sohalarning mutaхassislari orasidan tasdiqlanadigan uch nafar kishidan iborat komissiya 100 ballik tizim boʻyicha baholaydi.
Tinglovchi imtihon natijalari boʻyicha maksimal ballning 56%idan kam boʻlmagan ball toʻplasa, kurslarni oʻzlashtirgan hisoblanadi. Bitiruvchiga «maхsus» dastur boʻyicha oʻzlashtirgan modullar va iхtisoslik koʻrsatilgan, belgilangan shakldagi sertifikat beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.