2015 yil 29 dekabrdagi OʻRQ-396-son «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvining qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 18 fevralda 2379-2-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Mikrokredit tashkilotlarida audit tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi.
Endilikda mikrokredit tashkilotlari har yilgi moliyaviy hisobotni ularning yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida 2 hafta oldin ijobiy auditorlik хulosasi bilan birga e’lon qilishi shart (ilgari – moliyaviy hisobotdagi ma’lumotlarning toʻgʻriligi auditorlar tomonidan tasdiqlangach, hisobot yili tugaganidan soʻng 1 maygacha e’lon qilishi lozim edi).
Shuningdek «Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonun (2000 yil 26 maydagi 78-II-son Qonun tahririda) talablaridan kelib chiqqan holda belgilanishicha, auditorlik хulosasi auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditor (auditorlar), auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolangan va auditorlik tashkiloti muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 22 fevraldagi 7-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.