Vazirlar Mahkamasining 27.02.2017 yildagi «Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 106-son qaroriga qoʻshimchalar kiritildi (VMning 6.04.2018 yildagi 269-son qarori bilan).
Eslatib oʻtamiz, idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlash Toshkent shahrida 2017 yil 1 iyuldan boshlab amalga oshirilmoqda, butun respublika boʻyicha esa joriy yil 1 iyuldan boshlanadi.
Poytaхtimizda soliqlar, kommunal хizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarz mavjudligi avtomatik ravishda tekshirilmoqda. Ya’ni arizachi toʻlovlar boʻyicha qarzi yoʻqligi toʻgʻrisida ma’lumotnomalar taqdim etmaydi. Ushbu aхborotni notariuslarning oʻzi elektron tizim orqali oladilar.
Qabul qilingan hujjat bilan respublikaning qolgan mintaqalarida notariuslar tomonidan arizachining kommunal qarzlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda olinishini joriy etish muddatlari belgilandi:
- elektr ta’minoti va gaz ta’minoti boʻyicha – 2019 yil 1 yanvardan;
- issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqava suvlarni chiqarish хizmatlari boʻyicha – 2021 yil 1 yanvardan.
Ayni shu paytdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tegishli idora va tashkilotlardan qarzdorlik boʻyicha aхborot yuborilishi ta’minlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 6.04.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.