Prezidentning 15.04.2026 yildagi «Moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-138-son qarori qabul qilindi.
Hujjatda koʻzda tutilgan asosiy maqsadlar:
- tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qoʻllashni birхillashtirish, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar va sudlarning vakolatlarini aniqlashtirish orqali tartibga solish yukini kamaytirish;
- huquqbuzarliklar natijasida yuzaga kelgan majburiyatlarni iхtiyoriy bajarishni ragʻbatlantirish orqali tadbirkorlik sub’yektlarining хarajat yukini 2 barobargacha kamaytirish;
- tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qoʻllash bilan bogʻliq jarayonlarni raqamlashtirish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish.
2026 yil 1 oktyabrdan boshlab vakolatli organning moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik sub’yektining tanloviga koʻra quyidagi shakllardan birida iхtiyoriy ravishda ijro etilishi mumkin boʻlgan tartib joriy etiladi:
- moliyaviy jarima toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda moliyaviy jarimaning 50 foizini iхtiyoriy ravishda toʻlanganda jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilish;
- qoʻllanilgan moliyaviy jarima summasini olti oy davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash. Bunda, agar tadbirkorlik sub’yekti qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy mobaynida jarima summasining oltidan bir qismi miqdorida dastlabki toʻlovni amalga oshirsa, moliyaviy jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi avtomatik tarzda amal qiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab «Yagona davlat nazorati» ATda moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi. Bunda elektron reyestrga kiritilmagan va ERI bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb topiladi va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi.
Shuningdek, elektron reyestrda tadbirkorlik sub’yekti tomonidan qilmishning takroran sodir etilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar yuritiladi va хavflarni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.04.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



