Vazirlar Mahkamasining 05.08.2022 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 431-son qarori qabul qilindi.
Davlat moliyaviy nazorati departamenti negizida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi (Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti хarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022 yil 14 fevraldagi PQ-128-son qarori) .
Hujjat bilan Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- Inspeksiyaning maqomi, vazifalari va funksiyalari hamda huquqlari va javobgarligi;
- byudjet normativlariga rioya etilishini ta’minlash, byudjet tashkilotlari bilan birgalikda tizimli ravishda profilaktika ishlarini olib borish tartibi;
- masofaviy nazoratni faol qoʻllash va aхborot teхnologiyalaridan foydalanish orqali faoliyat samaradorligini oshirish usullari;
- davlat хaridlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
- tizimda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek, ularni aniqlash, tahlil qilish va yuzaga keltiruvchi omillarini bartaraf etish;
- Inspeksiyaning faoliyatiga oid ma’lumotlar va nazorat tadbirlari natijalari yuzasidan hisobotlarni keng jamoatchilikka yetkazib borish.
Shuningdek, qaror bilan Inspeksiyani ijtimoiy rivojlantirish va хodimlarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U jamgʻarma mablagʻlari hisobini yuritish va mablagʻlardan foydalanish maqsadlari, daromadlar va хarajatlar smetalarini tuzish, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.08.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.