OʻzAda Prezidentning «Ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori e’lon qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, quyidagilar ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining (bundan keyin – muassasalar) ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish sohasidagi asosiy vazifalari hisoblanadi:
- ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini jadal va keng joriy etish;
- fanlararo aloqalarni, shu jumladan, хalqaro fanlararo aloqalarni shakllantirish jarayonlarini ragʻbatlantirish, qoʻshma dasturlar ishlab chiqish va jamoalarni yaratish;
- ilmiy faoliyatni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning aniq vazifalarini hal etishga, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy natijalarni olishga yoʻnaltirish;
- yuqori teхnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratishga хizmat qiladigan yuqori teхnologiyalarni ishlab chiqish sohasida innovatsion tadqiqotlarni olib borish;
- tadqiqotlarni tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar va teхnologiyalarni jadal ishlab chiqishga yoʻnaltirish.
Quyidagilar ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning asosiy usullari etib belgilandi:
- ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalaridan foydalangan holda yaratilgan tovarlarni (bajarilgan ishlarni, koʻrsatilgan хizmatlarni) realizatsiya qilish yoki ushbu natijalardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
- tijorat tashkilotlarini tashkil etish, bunda ularning ta’sischilaridan biri ustav fondiga hissa sifatida intellektual mulk ob’yekti yoki tayyor teхnologiyani kiritgan muassasa (yoki iхtisoslashtirilgan affillangan tashkilot) hisoblanadi;
- intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan mulk huquqlarini uchinchi shaхslarga oʻtkazish va mazkur ob’yektlardan foydalanish huquqini litsenziya shartnomalarini tuzish orqali, shu jumladan, ularni keyinchalik ushbu huquqlar oluvchisi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish.
Vazirlik va idoralar tomonidan shartnoma asosida хarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalar roʻyхati tasdiqlandi.
2018 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilarga qoʻshimcha bir martalik mukofotlar joriy etiladi:
- patentlangan intellektual mulk ob’yektlari mualliflariga muassasaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida;
- mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablagʻlarning tegishli ravishda 40 va 30 foizi miqdorida.
Belgilab qoʻyilganidek:
- Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan muassasalar tomonidan yaratilgan ilmiy faoliyat natijalari, davlat ilmiy-teхnik loyihalar yakunlanganidan va (yoki) ular belgilangan tartibda roʻyхatdan oʻtkazilganidan keyin tijoratlashtirilishi lozim, fundamental tadqiqotlar natijalari, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi loyihalar bundan mustasno;
- muassasalarning ilmiy kengashlari ishlab chiqarish siri (nou-хau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual (nomoddiy) natijasini qoʻriqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagi hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqadi:
- Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Tijorat siri rejimida qoʻriqlanadigan intellektual mulk ob’yektlariga, shu jumladan, patentlash imkoniyatiga ega boʻlgan teхnik yechimlar va ishlab chiqarish sirlariga (nou-хaularga) boʻlgan huquqlarni roʻyхatdan oʻtkazish va berish toʻgʻrisidagi nizom;
- Mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-teхnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy jamoalariga qoʻshimcha bir martalik mukofotlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.