Prezidentning 16.10.2023 yildagi «Maishiy chiqindi poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-335-son qarori qabul qilindi.
«Sejin G&E Co., Ltd» kompaniyasi (Koreya Respublikasi) ishtirokida «Toshkent viloyatining «Ohangaron» (Ohangaron tumani) va «Maydontol» (Parkent tumani) qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazidan (metandan) quvvati 16 MVt boʻlgan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun «Sejin Uz» MChJ korхonasi tashkil etildi. Qarorga asosan, loyiha 2023-2026 yillarda amalga oshiriladi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi esa uni amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklariga 2024 yil 1 yanvarga qadar Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan «Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish» loyihasi doirasida Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 59 gektar yer maydonida joylashgan «Ohangaron» maishiy chiqindilar poligoniga tutash hududda yangi maishiy chiqindi poligonini qurish va ishga tushirish ishlari yakunlanishini ta’minlash topshirildi.
Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga bir oy muddatda chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan havo elektr uzatish liniyasi uchun zarur boʻlgan yer maydonlari bepul ajratib beriladi. Bundan tashqari, 2024 yil 1 martga qadar «Ohangaron» qattiq maishiy chiqindi poligoni operativ boshqarish huquqi asosida bepul oʻtkazib beriladi.
Hujjat bilan belgilanishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan 2045 yilgacha «Sejin G&E So. Ltd» kompaniyasiga:
- poligonlar hamda ulardagi mavjud infratuzilma ob’yektlari, bino va inshootlar investitsiya loyihasi doirasida chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tekin foydalanishga;
- muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlashga хizmat qiluvchi havo elektr uzatish liniyasi uchun ajratilgan yer maydonlari ijaraga beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.10.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.