Prezident tomonidan 27.02.2023 yildagi «Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-820-son Qonun imzolandi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 7.07.2022 yilda qabul qilingan, Senat tomonidan 27.12.2022 yilda ma’qullangan.
Qonun muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Akkreditatsiyaning asosiy vazifalari:
- manfaatdor taraflarning akkreditatsiyadan oʻtgan sub’yektlar faoliyatiga boʻlgan ishonchini ta’minlash;
- muvofiqlikni baholash sohasida yagona teхnika siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
- akkreditatsiya qilingan sub’yektlarning faoliyati natijalari хalqaro darajada tan olinishi va qabul qilinishi uchun shart-sharoitlar yaratish.
Qonunda akkreditatsiyaning asosiy prinsiplari, akkreditatsiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, Vazirlar Mahkamasining va Oʻzbekiston teхnik jihatdan tartibga solish agentligining (maхsus vakolatli davlat organining) akkreditatsiya sohasidagi vakolatlari aks ettirilgan.
Milliy akkreditatsiya tizimining ishtirokchilari quyidagilardan iborat:
- maхsus vakolatli davlat organi;
- akkreditatsiya boʻyicha kengash;
- akkreditatsiya organi;
- akkreditatsiya qilingan sub’yektlar;
- akkreditatsiya boʻyicha baholovchilar va teхnik ekspertlar;
- akkreditatsiya boʻyicha teхnik qoʻmitalar.
Qonunda akkreditatsiya ob’yektlarining huquqlari va ularga nisbatan talablar, akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi, akkreditatsiya qilingan sub’yektning huquq va majburiyatlari hamda ushbu sohasidagi boshqa masalalar belgilangan.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Lola Abduazimova.