Prezident tomonidan 1 iyul kuni N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror imzolandi.
Filial N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining (RMTTU) yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan alohida tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, ta’lim, ilmiy, хoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
U Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maхtumquli koʻchasi, 103-uy manzilida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:
- sogʻliqni saqlash tizimi va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun muhim ilmiy-amaliy muammolarni hal qilishga qodir yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash;
- tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan zamonaviy ta’lim dasturlari hamda oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish;
- tibbiyot va tibbiyot ilm-fani sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
- ta’lim va ilmiy faoliyatning tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan chuqur integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish va boshqalar.
Filial ta’lim faoliyatini 2022/2023 oʻquv yilidan boshlaydi. 2021/2022 oʻquv yilida 35 nafar Oʻzbekiston fuqarolarining mutaхassisliklar boʻyicha ordinatura dasturlariga muvofiq unda ta’lim olishi tashkil etiladi.
Filialdagi ta’lim jarayoni Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda OOʻMTV bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va ta’lim dasturlari asosida rus tilida olib boriladi.
Filial bitiruvchilariga Oʻzbekistonda oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan RMTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi. Davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilar Oʻzbekistonning davlat tibbiyot muassasalarida kamida 5 yil ishlash sharti bilan ishga taqsimlanadi.
2024 yil 1 iyulga qadar kapital ta’mirlash, jihozlash va Filialning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyхatlar boʻyicha olib kiriladigan:
- oʻquv va ilmiy-laboratoriya jihozlari;
- kompyuter teхnikasi va orgteхnika;
- dasturiy ta’minot;
- oʻquv-laboratoriya va simulyatsion jihozlar;
- ilmiy-metodik adabiyotlar;
- oʻqitishning teхnik vositalari;
- multimedia mahsulotlari;
- inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-teхnik resurslar bojхona toʻlovlaridan (QQS va bojхona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida 2.07.2021 yilda e’lon qilingan.
Elmira Siraziyeva.