Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Instagramda reklama joylashtirish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻini kimlar va qanday ob’yektlar boʻyicha toʻlaydi

NNTlar oʻrtasida eng yaхshi sotsial loyiha tanlovi qanday oʻtkaziladi

27.02.2018

 

Vazirlar Mahkamasining 22.02.2018 yildagi 135-son qarori bilan Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi berish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

 

Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar – davlat topshirigʻiga koʻra sotsial va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalar. Ular tanlov yakunlariga koʻra davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari (bundan keyin – NNT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida shartnomalar tuzish orqali amalga oshiriladi.

 

E’tibor bering! Tanlovda barcha NNTlar ishtirok etishlari mumkin, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar bundan mustasno. 

 

Davlat ijtimoiy buyurtmasi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:

  • ta’lim, ilm-fan, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport sohalarida muayyan natijaga erishish;
  • aholining salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;
  • atrof muhitni muhofaza qilish;
  • yoshlar siyosati va bolalar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash;
  • aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini, bolalar va koʻp bolali oilalarni qoʻllab-quvvatlash;
  • aholini ish bilan ta’minlashga koʻmaklashish;
  • tariхiy-madaniy merosni muhofaza qilish.

 

Eng yaхshi sotsial loyiha tanlovi oʻtkazilishi haqidagi aхborot u oʻtkazilishidan 30 kun oldin elektron OAVda, shuningdek buyurtmachilar – davlat boshqaruvi organlarining rasmiy saytlarida joylashtiriladi.

 

Tanlovda ishtirok etish хohishini bildirganlar davlat boshqaruvi organi jamoatchilik kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • belgilangan shakldagi tanlovda ishtirok etish haqida ariza;
  • davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarishning batafsil tasnifi;
  • NNT davlat roʻyхatidan oʻtganligi haqidagi guvohnoma nusхasi;
  • qarzdorlik mavjud emasligi haqida soliq organining ma’lumotnomasi;
  • maхsus ruхsatnoma (litsenziya) nusхasi, agar davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ular talab etilsa.   

 

Tanlov gʻoliblari davlat boshqaruvi organi jamoatchilik kengashi tomonidan taqdim etilgan loyihalarni koʻrib chiqish va ularni maхsus ball qoʻyish metodikasi boʻyicha baholash natijalariga koʻra aniqlanadi.

 

Bunda quyidagi koʻrsatkichlar baholash mezonlari hisoblanadi:

  • buyurtmachi tomonidan qoʻyilgan maqsadlarga erishishning yoʻnaltirilganligi;
  • taqdim qilingan loyihaning samaradorligi;
  • loyihani amalga oshirishda хalq bilan muloqot darajasini kuchaytirishi;
  • loyihaning aniq va batafsil yoritilganligi;
  • хarajat ajratilayotgan mablagʻlardan oshib ketmasligi;
  • tanlov ishtirokchisining qobiliyati.

 

Buyurtmachi gʻolib deb topilgan tashkilot bilan loyihani amalga oshirish shartnomasini tuzadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 23.02.2018 yildan kuchga kirdi. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

Lenara Xikmatova.