Tegishli tartib qishloq хoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlandi (roʻyхat raqami 3230, 27.04.2020 y.).
Eslatib oʻtamiz, shu yilning boshida «Oʻzbekipaksanoat» uyushmasi hududiy «Agropilla» MChJga tegishli boʻlgan tutzorlarni tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha taqsimlashga qaror qilingan (17.01.2020 yildagi PQ-4567-son qarorga qarang). 1 noyabrga qadar tajriba sinov natijalariga asosan bunday amaliyotni barcha hududlarda joriy etish boʻyicha takliflar kiritiladi.
Tutzorlar "Agropilla" MChJ tomonidan хohish bildirgan oilalarga pilla yetishtirish mavsumi boshlanishidan oldin tanlov asosida ajratib beriladi. Tanlov komissiyasi "Agropilla" MChJ хodimlari jumlasidan tashkil etiladi. Oila boshligʻi yoki oilaning voyaga yetgan boshqa a’zosi mahalliy OAVda tanlov e’lon qilingandan keyin bir oy ichida komissiyaga yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi. Arizada quyidagi ma’lumotlar koʻrsatiladi:
- mehnatga layoqatli doimiy ish joyiga ega boʻlmagan oila a’zolari soni haqida;
- tutzorlarga ishlov berish va tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bilim va tajribasi hamda talabgorda tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bino va inshootlar hamda shart-sharoitlar mavjudligi haqida.
Talabgorlar aynan shu mezonlar boʻyicha baholanadi. Arizalar 7 kun muddatda, zarur hollarda joyiga borib oʻrgangan holda koʻrib chiqiladi.
Komissiya ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda oilaga tutzorlar 1 gektardan 3 gektargacha va 5 yil muddatga foydalanish uchun ajratiladi. "Agropilla" MChJ rahbari va talabgor oʻrtasida oilaviy pudrat shartnomasi tuziladi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
- tutzorlardan foydalanish shartlari;
- tut daraхtlarining barg hosildorligi, yerni meliorativ holati, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar;
- yetishtiriladigan tirik pilla mahsulotining mikdori va sifati, unga haq toʻlash va uni sotish shartlari;
- suv va moddiy-teхnika resurslari bilan oilaviy pudratchini ta’minlash va h.k.
Yetishtirilgan pilla hosilini sotishdan tashqari tutzorlar orasiga qoʻshimcha ekinlar ekish orqali olinadigan daromadlar yetishtiruvchilarning oʻzida qoladi. Shuningdek, ularga tutzorlarni yangilash uchun tut koʻchatlari va pilla mavsumlarida ipak qurti urugʻi bepul yetkazib beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.04.2020 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.