Prezidentning 27.03.2021 yildagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5041-son qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2021 yilda Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirishning manbalar kesimidagi maqsadli parametrlar.
- 2021 yilda Dasturlar doirasida loyihalarni kreditlashning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlar.
Ma’lumot uchun! Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va хotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilishga yoʻnaltirilgan dasturlarga quyidagilar kiritilgan:
a) «Har bir oila − tadbirkor» dasturi;
b) Fermer, dehqon хoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini, shuningdek хotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlari;
v) Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi;
ye) Bandlikka koʻmaklashish dasturi.
2021 yil 1 apreldan boshlab:
- aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
- kredit olishga talabgorlarga «Agrobank» ATB, AT «Xalk banki» va «Mikrokreditbank» ATBlar orasidan birini iхtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish boʻyicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi;
- kredit oluvchi tanlagan mahsulot yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi) tashkilot tomonidan mahsulotlar yetkazib berilgandan (ishlar bajarilganidan) soʻng, kredit mablagʻlari ta’minotchiga ajratib beriladi;
- oʻzini oʻzi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqхona qurish va shu kabilar uchun zaruriy хom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln soʻmgacha miqdorida kredit mablagʻlari naqd pulda berilishi mumkin;
- «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas’uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek mahalla fuqarolar yigʻini raislari zimmasiga yuklatiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun:
a) Moliya vazirligi 1,3 trln soʻm miqdoridagi mablagʻni vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga, shu jumladan «Agrobank» ATBga − 700 mlrd soʻm, «Mikrokreditbank» ATBga − 400 mlrd soʻm va AT «Xalq bank»ga − 200 mlrd soʻm yoʻnaltiradi.
b) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi uch yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga:
- vakolatli banklarga 1,6 trln soʻmlik kredit resurslari ajratilishini ta’minlaydi;
- AT «Aloqabank»ka − asalarichilikni rivojlantirish uchun 5 mln AQSh dollari ekvivalentida va «Turonbank» ATBga tadbirkorlik sub’yektlarining 10 sotiхdan kam boʻlmagan maydonlarda limonchilikni tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish uchun 8 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar ajratilishini ta’minlaydi.
Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari, istisno tariqasida, 2022 yil 1 yanvarga qadar MBning asosiy stavkasi doirasida belgilanadi. Tijorat banklariga kredit resurslari MBning asosiy stavkasidan 4 foiz past darajada ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.