Vazirlar Mahkamasining 19.07.2019 yildagi 607-son qaroriga muvofiq ular 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab joriy etiladi.
Hujjatda bakalavr va magistr diplomlari, shuningdek OTMdan chetlatilgan taqdirda akademik ma’lumotnomaning davlat namunalari taqdim etilgan. Akademik ma’lumotnomada oʻzlashtirilgan fanlar roʻyхati, topshirilgan kurs ishlari, amaliyot oʻtilganligi, yakuniy attestatsiya natijalari va h.k. koʻrsatiladi.
Ushbu hujjatlar blankalari kompyuterda toʻldiriladi va tekin tarqatiladi (dublikat berish holatlari bundan mustasno). Diplomlarning bumvinil muqovalari sun’iy charmdan tayyorlanganiga almashtiriladi.
Har bir diplomning ichiga individual QR-kod qoʻyiladi. QR-kod qoʻyish tizimi hamda uning dasturiy ta’minoti uch oy muddatda ishlab chiqiladi. Mazkur chora diplom va uning ilovasida mavjud ma’lumotlarni olish imkoniyatini kengaytiradi hamda mamlakatimiz diplomlari shaklini ilgʻor хorijiy amaliyotda foydalanilayotganlariga yaqinlashtiradi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.07.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.