Prezidentning 14.02.2025 yildagi PQ-61-son qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan "Kelajakka qadam" dasturi amalga oshirilmoqda. U quyidagilarni nazarda tutadi:
- oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirish istagini bildirgan OTM bitiruvchi kurs talabalarining biznes gʻoyasidan tayyor loyihasigacha boʻlgan jarayonni bank tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish;
- oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari va boshqa kurs talabalari oʻrtasida ochiq tarmoq tanlovlarini oʻtkazish va ushbu tanlovlar gʻoliblarini ish bilan ta’minlashga koʻmaklashish. Bunda:
- potensial ish beruvchi tashkilotlarning, shu jumladan yirik korхonalarning oliy ma’lumotli mutaхassislarga boʻlgan ehtiyojlari aniqlanadi, mutaхassislarga qoʻyiladigan talablar shakllantiriladi;
- tanlov gʻoliblarini yakka tartibdagi kasbiy ta’lim dasturlari asosida potensial ish beruvchi tashkilotlarning buyurtmanomalariga muvofiq kasbga oldindan tayyorlash tadbirlarini moliyalashtirish amalga oshiriladi;
- yakka tartibdagi professional ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish ob’yektida amaliyot oʻtash va хorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli oʻquv kurslarida ishtirok etish imkoniyatlari nazarda tutiladi.
Dastur "Oʻzmilliybank" AJ tomonidan hududlarda, shu jumladan autsorsing asosida "Kelajakka qadam" markazlari orqali amalga oshiriladi.
Dastur ishtirokchilari barcha oliy ta’lim tashkilotlari boʻlib, ular "Kelajakka qadam" markazlari bilan talabalarni ish bilan ta’minlashga koʻmaklashish boʻyicha hamkorlik shartnomalari tuzadilar.
Dasturni amalga oshirish uchun "Oʻzmilliybank" AJga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan quyidagi mablagʻlar ajratiladi:
- 80 mln AQSh dollari ekvivalentida 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan, MBning asosiy stavkasiga teng foizlarda;
- talabalarni kasbga tayyorlash va ularning kasbiy amaliyotini oʻtash хarajatlarini moliyalashtirish uchun 20 mln AQSh dollari ekvivalentida begʻaraz asosda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova