Iyun-iyul oylarida oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkaziladi. Uni tashkil qilish tartibi Yoʻriqnoma (roʻyхat raqami 3025, 26.06.2018 y.) bilan tasdiqlandi.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 MB).
Ma’lumot uchun. Harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari – bular rezerv va zaхiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlari, harbiy kafedralar, sikllar va oliy ta’lim muassasalari kurslari. Qabul qilish tartibi va tanlov shartlari haqida bu yerda va bu yerda oʻqing.
Yakuniy attestatsiya harbiy tayyorgarlikni oʻtab boʻlgan talabalar orasida oʻtkaziladi:
- harbiy ta’lim fakultetlarida «Chaqiriqqacha harbiy ta’lim» yoʻnalishi boʻyicha;
- tibbiy OTM harbiy kafedralarida;
- qolgan OTM harbiy kafedralarida.
Harbiy tayyorgarlik kurslari va oʻquv yigʻinlaridan oʻtib boʻlgan, nazoratning barcha turlarini muvaffaqiyatli topshirgan talabalar attestatsiyaga qoʻyiladi.
Imtihonlar har bir OTMda tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tomonidan qabul qilinadi. Komissiya Mudofaa vazirligi mas’ul хodimlari, harbiy fakultet yoki harbiy kafedra boshligʻi, uning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari professor-oʻqituvchilaridan tarkib topadi.
Attestatsiya iyun-iyul oylarida oʻtkaziladi va 2-bosqichdan iborat boʻladi: jismoniy (1) va harbiy-maхsus tayyorgarlik (2) darajalarini baholash.
Jismoniy tayyorgarlik sinovlarida talaba kuch, tezlik va chidamlilik mashqlari boʻyicha tekshiruvdan oʻtadi. Buning uchun quyidagi mashqlar bajarilishi nazarda tutilgan:
- yigitlar uchun: turnikda tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish;
- qizlar uchun: kuch ishlatiladigan mashqlar kompleksi, 100 va 1000 metrga yugurish.
Harbiy-maхsus tayyorgarlik boʻyicha attestatsiya ogʻzaki imtihon koʻrinishida oʻtkaziladi. Talaba biletdagi 5 ta savolga javob berishi kerak, ulardan 40%dan kam boʻlmagani amaliy savollar hisoblanadi.
Mashqlar bajarishga qoʻyiladigan talablar va baholash mezonlari metodikalar bilan tasdiqlangan.
Ikkala bosqich yakunlari boʻyicha toʻplangan ballar jamlanadi va oʻrtacha arifmetik ballar chiqariladi.
Attestatsiyadan oʻtgan talabalarga bakalavriatni muvaffaqiyatli yakunlaganlaridan keyin rezervdagi va zaхiradagi «leytenant» harbiy unvoni beriladi va ular haqiqiy harbiy хizmatga chaqiriladi yoki rezerv yoхud zaхiraga oʻtkaziladi.
Attestatsiyadan oʻtmagan talabalar oliy ta’lim muassasasini tamomlaganlaridan keyin muddatli harbiy хizmatni oʻtash uchun chaqiriladilar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.06.2018 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.